Jamiyat

“16 yoshimda fohishalik qildim” meni bu holda tushishimga ota-onam va yaqinlarim aybdor

Mustahkam  oila tushunchasi hamisha davlatimiz diqqat - eʼtiborda bo‘lgan. Jamiyatni esa mustahkam oilalarsiz qurib bo‘lmaydi. Oila qurilgach,  er va xotinga ulug‘ va sharafli masʼuliyat yuklanadi - u ham bo‘lsa farzand tarbiyasi. Xar bir harakatlarimiz zamirida farzandlarimizni baxtu-iqboli, farovon kelajagi maqsad qilib qo‘yilgan. Ammo bu masʼuliyatni hamma ham birdek his qiladimi?

“16 yoshimda  fohishalik qildim” meni bu holda tushishimga ota-onam va yaqinlarim aybdor

 

 

So‘nggi yillarda ajrimlar soni keskin oshdi, natijada esa baʼzi ota onalardan  farzand tarbiyasidagi masʼuliyat unutildi. Tirik yetim o‘sayotgan bolalar, boshi ochiq ayollar, yengil- yelpi hayotga bosilgan qadamlar, voyaga yetmagan o‘smirlar orasidagi jinoyatlar afsuski ko‘paydi.


Agar yosh qizlar  fohishalik qilsa, darrov unga loy chaplashga o‘tamiz, haqoratlaymiz, ayblaymiz, ammo tanganing ikkinchi tomoni  yaʼni uni bu yo‘lga kirishiga nima turtki berganini esa uylab ham ko‘rmaymiz.


Zamon.uz saytiga Guliston shahridan  Aziza Salmonova  ismli qiz murojaat qildi. Aytishicha, onasi undan voz kechgan va uydan haydab yuborgan.  Ayni damda muqim yashash joyga ega emasligi, propiskasi ham yo‘qligini aytib,  onasi uni   yana qayta yashash uchun uyiga  kiritishga, shuningdek, onalik vazifasini bajarishga ko‘ndirishimizni so‘radi.


Aziza Salmonova:


- 12 yoshimda dadam va oyim ajrashib ketishgan.  Onam menga dadamni yomonlab miyamni zaharlagan, otamdan voz kechishga undagan. Meni o‘zi tarbiyalashini aytib, olib qoldi. Oradan bir qancha vaqt o‘tib onam boshqa odamga turmushga chiqdi.  Bir  yildan so‘ng  “Sen endi  kerakmassan, menga erim kerak” deb meni ko‘chaga chiqarib yubordi. Ilojsizlikdan ammamning yoniga panoh izlab bordim. Ammam  endi o‘zim ishlab pul topish  kerakligimni, buning uchun esa menga shaxsni tasdiqlovchi hujjat kerakligini  aytib, pasport olib berdi.

- 12 yoshda qanday qilib pasport oldingiz, bu hujjat 16 yoshda beriladiku?

-Yoshimni 16 yosh deb to‘g‘rilattirdik. Ammamning  maqsadi meni chet davlatga olib chiqib, o‘sha yerda ishlatish edi. Eng yomoni keyin boshlandi. Ammam meni  fohishalikka majbur qildi.

- Siz indamay ko‘nib ketaverdingizmi,  mahalla,  qo‘ni-qo‘shnidan yordam so‘ramadingizmi?

-Boshida qarshilik qildim, lekin menga taʼziq o‘tkazishni,   ayovsiz kaltakladi. Xar kuni  badanimga cho‘g‘ini  sigaret bosib azob berardilar. Hech kimga aytib qo‘ymasin deb  qamab qo‘yardi. Hatto bir marta tanamga qaychi tiqib, so‘ng ustimdan qaynoq suv ham quygan. Bir martda qochib ketishga harakat qildim, lekin ushlab olib, sochimni kal  qilib qirib tashladi. Boradigan joyim bo‘lmagani uchun shu hayotga ko‘ndim. Keyinchalik imkon bo‘lishi bilan  ammamning uyidan qochib ketdim.


- Hozir nima ish qilasiz, qayerda yashayapsiz?

- Hozir Nig‘matjon aka degan odamning  uyida yashayman. Hech qayerda ishlamayman. Bu odam menga ko‘p yaxshilik qildi. Sovuq qahraton qishda o‘z uyidan joy berdi.  Uning oilasi yo‘q, bir o‘zi yashaydi,  men uy ishlarida yordam beraman, shu sabab  yashaganim uchun pul olmaydi.


- Siz xaqingizda berilgan maʼlumotlarga qaraganda  2020 yil dekabr oyida sizga nisbatan sud qarori chiqqan ekan. Unda siz fohishabozlik bilan shug‘ullanganiz uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilgan ekansiz. 


- Ha, shunday bo‘lgan. O‘sha vaqt ammam meni majbur qilgan.


- Dadangiz hozir hayotmi, siz bilan gaplashib turadilarmi?


- Ha, otam tirik,  boshqa oilasi bor. Ammo otam ham men bilan gaplashmaydi.


Qizning hikoyasini tinglab,  yosh bo‘lsada shu darajada azob chekkaniga kuyundik, unga dalda berdik. Ammo,  bizni bir savol o‘ylantirdi: qiz bilan shuncha ayanchli voqea yuz bergan,  ammo qarindoshlari, qo‘ni-qo‘shnilar, mahalla- ko‘y qayerga qaragan, nega yordam qo‘lini cho‘zmagan?  Umuman, qiz so‘zlab bergan voqealar  haqiyqatmi?


Savollarga javob izlab  Aziza o‘sib katta bo‘lgan Guliston shahar “Ulug‘ yo‘l”  MFY xotin -qizlar masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosari Xolida Dadaboyeva bilan bog‘landik.

 

- Azizaning ota-onasi ajrashishgach  qizcha 5 yoshgacha onasi bilan yashagan, keyinchalik onasi boshqa oila qurgandan keyin Azizaning tarbiyasi  bilan buvisi va bobosi shug‘ullangan. Ular 18 yoshgacha qizni boqishgan.Bu qiz juda ko‘p yolg‘on gapiradi, u ammasining qo‘lida  katta bo‘lmagan. Aziza yomon yo‘lga o‘zi kirgan. Uydan sababsiz qochib ketgan. Biz mahalla faollari bilan bu oilani juda yaxshi taniymiz. Qiz bilan juda ko‘p targ‘ibot ishlari  olib borganmiz.  Orada Aziza sayoq yurish oqibatida homilador ham bo‘lib qolgan. Farzand nogiron tug‘ilgan, qiz farzandini nogironligi sabab tug‘ruqhonaga  tashlab,  o‘zi tunda kasalxonadan qochib ketgan. Propiskasi rostdan ham  yo‘q. Fuqaroligi ham yo‘q. Qizning shu holatga tushishiga onasining ham aybi bor.


Latofat Qurbonova, Azizaning xolasi:


- U bu yo‘lni o‘zi tanladi, shunday ekan, qanday xohlasa shunday hal qilaversin muammosini. Biz uni ko‘chaga haydamaganmiz. O‘zi qochib ketgan.


 - Azizani bizga bergan maʼlumotiga ko‘ra onasi undan voz kechgan ekan, ammasi esa uyga qamab fohishalikka majbur qilgan ekan.


- Onasi undan voz kechgani rost. Chunki Aziza yengiltabiatligi sabab uydan qochib ketaverib bizni   sharmanda qildi.Kechasi bilan uni ko‘chama ko‘cha izlab yurishdan charchadik. Uni hech kim fohishalikka majburlamagan.  Hamma gaplari yolg‘on. 12 yoshda pasport ham olmagan, hamma  fuqarolar singari 16 yoshda olgan. Uyga qaytib kelsa biror  ishga joylab qo‘yamiz derdik ammo,  ko‘chada daydib yurishni davom etdi. Onasi esa umuman uni ko‘rishni istamaydi.
Guvohi bo‘lganingizdek, bizga murojaatchi tomonidan bayon  qilingan voqea boshqacha bo‘lib , qizning gaplari yolg‘on ekan. Tushgan ayanchli holatga o‘zi sababchi ekanligini  bila turib   onasi va yaqinlarining  taʼzirini berib qo‘yish maqsadida tuhmat qilish   orqali o‘zining yana bir bor kim  ekanligini isbotladi. Bir qarashda u o‘z hatti-harakatlari bilan jamiyatga jiddiy xavf tug‘dirgani yo‘q, hozircha. Lekin kim biladi deysiz, o‘z vaqtida bu yo‘ldan to‘xtatib qolinmasa, uning ko‘r-ko‘rona sayoq yurishi yana-da chuqurlashib ketib, noxush oqibatlarga olib kelishi  mumkin. Asosiy maqsadimiz adashganni to‘g‘ri yo‘lga boshlash. Shu sabab biz Azizaga yordam berish  maqsadida psixolog Shoira Isoqava hamda xalq deputatlari Guliston  shahar kengashi deputati Ravshan G‘aniyevga murojaat qildik.


Psixolog Shoira Isoqova:


- Hozirgi kunda masʼuliyatsiz ota-onalar ko‘payib ketgan. Ajrimlardan so‘ng bolalar sarson bo‘lishmoqda.  Otasi onang yomon deydi, onasi esa aksincha otang yomon deydi, bu bilan o‘zlari bilmagan holatda bolaga psixik jarohat yetkazishadi, ruhiyatiga salbiy taʼsir ko‘rsatishadi. Buning oqibatida farzandlar ko‘chadan mehr izlaydi. Azizaga  kelsak, bu qiz ham ruhiy zarba olgan. Ota-onadan mehr ko‘rmagan, to‘g‘ri tarbiya olmagan,  o‘z  xohishicha yashagan. Xotin-qizlarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishida, birinchi navbatda, ota-onalarning munosabati katta rol o‘ynaydi. Qizlar masalasi juda nozik ish, shu sabab onalar hamma narsani yig‘ishtirib qo‘yib, yoshligidan faqat to‘g‘ri tarbiya berishga eʼtibor qaratishlari  kerak. Bu qizni tarbiyalash endi juda kech. Men Aziza bilan gaplashganimda shuni tushundimki, uning nazdida hamma aybdor. Onam tuqqani uchun, buvisi  va bobosi esa boqib  tarbiya qilgani uchun aybdor. O‘zichi?


Bu qiz oilaga baxt keltirmadi, aksincha kulfat va baxtsizlik keltirdi. Ammo jamiyatimizda  bu kabi odamlardan jirkanib, yuz o‘girib ketish xam noto‘g‘ri.  Unga ham yordam ko‘rsatishimiz kerak. Albatta ish, yashashi uchun joy va eng asosiysi biror bir kasbga  yo‘naltirishga harakat qilishimiz kerak.  


Deputati Ravshan G‘aniyev:


- Bu qizni eng vaqtincha bo‘lsa ham uy-joy bilan taʼminlaymiz. Ijara  pullarini hal qilib berish maqsadida prokuror sektoriga joylashtiramiz. Propiska masalasiga kelsak, shahrimizda uchta yotoqxona bor. Ushbu yotoqxonalarning biriga vaqtinchalik yoki doimiy qo‘yib turishimiz mumkin. Ish masalasida esa  juda ko‘p variantlar bor.  Yoqmasa, o‘zi istagan joydan ish topib berishga harakat qilamiz. Hamma gap qizning o‘zida.  Ish o‘rganadi halol pul topadi, hali hammasi oldinda. Umid qilamanki, bu qizni  chirkin hayotdan olib chiqsa bo‘ladi, faqat birdamlikda  yordami qo‘lini cho‘zsak kifoya.


Xulosa qilib aytganda, hech kim bu yo‘lga o‘z istagi bilan kirib qolmaydi. Og‘ir vaziyatga tushib qolgan insonlarga  to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish   jamiyatimizdagi har bir inson oldida turgan   masʼuliyatdir. Zotan, adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, ularning kamchilik va xatolarini birgalikda bartaraf etish azal-azaldan ahillik va hamjihatlikka intilgan halqimizga xos oliy fazilat sanaladi.

 

Munojat Valiyeva

“16 yoshimda fohishalik qildim” meni bu holda tushishimga ota-onam va yaqinlarim aybdor | Zamon.uz