Sergelida “brodvey” barpo etilmoqda
Maʼlumotlarga ko‘ra, tumandagi So‘g‘diyona mahallasining Jaloir ko‘chasida, salkam 1 km masofada “brodvey” barpo qilinmoqda. Bu haqda tuman hokimi bugun aholi bilan Facebook sahifasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanish jarayonida aytib o‘tgan.

Onlayn muloqot davomida Elbek Shukurov “bu yerda yo‘lning ikki chetida xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, katta sahna, velosiped yo‘lakchasi, sport maydonchalari va albatta juda ko‘p chiroqlar bo‘ladi. Umid qilamizki aholimiz kechki salqinda sayr qilib, xordiq chiqaradigan maskanga aylanadi”,-deya taʼkidlagan.
Qayd etilishicha, tumanda mana shunday “hayot doimiy qaynaydigan ko‘cha”ni barpo etish istagi anchadan beri rejaga kiritilgan edi. Konsertlar tashkil etish uchun mo‘ljallangan kattagina sahnaga ega bo‘lishi kutilayotgan ko‘cha 20 avgustda foydalanishga topshiriladi.







