Jamiyat

Muhtojlarga “SOS” markazi zarur(mi)?

Qaysi bir ommaviy axborot vositasi va turli ijtimoiy tarmoqlarga qaramang, moddiy yordamga muhtojlar, og‘ir xastalikka chalingan bemorlarning yaqinlari uni davolatish uchun ko‘mak so‘rab uyushtirayotgan xayriya aksiyalariga ko‘zimiz tushadi.

Muhtojlarga “SOS” markazi zarur(mi)?

 

Kimningdir farzandi, kimningdir ota-onasi yoki biror yaqin kishisi ko‘makka muhtoj. Ochig‘i, ularning dardini eshitib, ahvolini ko‘rib, beixtiyor qarog‘imizga yosh keladi. Qo‘limizdan kelgancha yordam qilishga urinamiz. Saxovatpesha va oliyjanob xalqimiz ko‘magi bilan qanchadan-qancha og‘ir bemorlar sog‘ayib, hayotga qaytayotgani esa yana-da quvonarli.

 

Biroq o‘zgadan yordam so‘rashning o‘zi bo‘lmaydi. Ming istihola va nochorlik kurashi qalbni kemiradi. Shu o‘rinda haqli bir savol tug‘iladi: bugun mana shunday moddiy ko‘makka muhtojlarning paydo bo‘layotganiga sabab nima? Xayr-ehson so‘rashga ularni nima majbur etyapti?

 

“Uchinchimdan ham ayrilsam, menga yashashning qizig‘i yo‘q”

 

— Juda erta turushga chiqqanman, — deydi toshkentlik Shahnoza To‘lanova. — Turmush o‘rtog‘im bilan bir-birimizga ko‘ngil qo‘ygandik. Ammo hayot bizni kuchli sinovlari bilan sinadi. Turli sabablar bilan ikki farzandimdan ayrildim. Ona uchun ikki farzandini tuproqqa qo‘yish oson emas. Ota-ona uchun juda og‘ir. Avvaliga bu munisabatlarga bardoshim yetmasa kerak, deb o‘ylagandim. Ammo uchinchi farzandimga homilador bo‘lgach, hayotimizga qaytadan nur kirgandek bo‘ldi. Qalbimdagi og‘ir yaralarga farzandim malham bo‘lib, meni qaytadan yashashga undadi.

 

Axmet uch yoshga to‘lganidan so‘ng tez-tez isitmasi chiqadigan va holsizlanadigan bo‘lib qoldi. Avval o‘zim uyda issig‘ini tushirib, dori berib yurdim. Qarasam, hech o‘nglanmadi. Uni shifokor ko‘rigiga olib bordim. Tahlil natijalariga ko‘ra, unda juda og‘ir onkologik xastalik borligi aniqlandi. O‘g‘limdagi dard limfatik to‘qimalar va oshqozon osti bezining kattalashuviga olib keladigan, ozib-to‘zdiradigan hamda bemorni kuch-quvvatdan qoldiradigan kasallik ekan.

 

Bu haqda turmush o‘rtog‘im xabar topgach, bizni tashlab ketdi. Ilojsizlikdan ota uyimga qaytib bordim. Bir yoqda oilaviy mojarolar, bir yoqda esa o‘g‘limning ahvoli kundan-kunga og‘irlashib borardi. O‘g‘limning sog‘ayib ketishi uchun o‘zimda kuch topdim. Shu orada Axmet olti marta kimyoterapiya muolajasini oldi. Natijada, uning sochlari va kipriklari to‘kilib ketdi. Orada bir marta xo‘jayinim qo‘ng‘iroq qilib, chet eldaligini aytdi. Shunda ko‘nglimda qandaydir ilinj paydo bo‘lib, Axmetning rasmini dadasiga yubordim. Farzandini ko‘rib, mehri oshar deb o‘ylagandim. Afsuski, unday bo‘lmadi. U meni telegramdan “qora”ga tiqib qo‘ydi. Telefon raqamiga qayta-qayta qo‘ng‘iroq qilishlarim besamar ketdi.

 

Orada otam vafot etdilar. Marakalari o‘tgandan so‘ng, otamdan qolgan avtomobilni sotishga majbur bo‘ldik. Keyinroq yashab turgan uyimizni ham sotib, Axmetning davolanishi uchun sarfladik. Hozir ijarada yashayapmiz. Yaqinda Hindistonga bordik. Operatsiya uchun 35 ming dollar pul ketdi. Doktorlar har olti oyda muntazam tekshiruvdan o‘tib turish kerakligini aytishdi. Biroq har olti oyda Hindistonga borib-kelishning o‘zi bo‘ladimi? Bundan tashqari, dori-darmonga ham ancha mablag‘ ketib qoladi. Ko‘p joylarga yordam so‘rab murojaat qildik. Ammo hech qanday natija bo‘lmadi. Uchinchi farzandimdan ham ayrilsam, menga yashashning qizig‘i yo‘q.

 

“O‘zgalardan yordam so‘rash yigit kishi uchun juda og‘ir”

 

Ayol o‘zi ojiza bo‘lsa-da, uning matonati, sabru-bardoshi tog‘larni-da talqon qilishga qodir. Hayotning og‘ir zarbalariga, xiyonatning achchiq azoblariga dosh bergan metin irodasi yillar davomida asta-asta nurab boradi. Hayoti iziga tushib, farzandlari baxtu-kamolini ko‘raman degan pallada esa dard uni yenga boshlaydi.

 

Feruza opa ham hech o‘zini o‘ylamadi. Qizi og‘ir xastalik bilan tug‘ilgani uchun uning sog‘ayib ketishini tunu-kun Yaratgandan so‘radi. Ammo taqdir ekan, qizalog‘i erta vafot etdi. Ikkinchi farzandi tug‘ilganida esa uni turmush o‘rtog‘i tashlab ketdi. Ilojsizlikda qolgan Feruza opa onasining uyiga ko‘chib o‘tadi. Yolg‘iz boshi bilan ikki farzandini boqib, voyaga yetkazdi. Yaqinda u og‘ir xastalikka chalinib, to‘shakka mixlanib qoldi.

 

— Onamni salkam uch yildan beri og‘ir dard qiynaydi, — deydi Ulug‘bek Yo‘ldoshev. — Shu yilning fevral oyida ularni davolatgani Toshkentga olib keldik. Shifokorlar o‘tkir leykoz kasalligi tashxisini qo‘yishdi. Chet elda operatsiya qilish kerakligini aytishdi. Ammo buning uchun juda katta mablag‘ zarur ekan.

 

Yaqin qarindoshlarimiz bizga moddiy tomondan ko‘mak berib kelishyapti. Ishlab pul topish qo‘limdan keladi. Ammo onamning yonida, ularga tayanch bo‘lib turmasam bo‘lmaydi. Vaziyat shuni taqozo etadi.

 

Yigit kishi uchun o‘zgalardan yordam so‘rashning o‘zi juda xunuk. Lekin chorasizlikdan, mehribonimning hayotini saqlab qolish uchun internet orqali odamlardan yordam so‘raganman.

 

“Farzandimizning qiynalayotganini ko‘rib, uning o‘limiga ham rozi bo‘ldik”

 

Farg‘onalik Mavluda opaning kenjatoyi Mubina 3 yil “oqqon” kasali bilan kurashdi. Ammo uning mitti yuragi bu og‘ir dardni ko‘tara olmay, 7 yoshida bu yorug‘ olamni tark etdi. Uning ortidan zor yig‘lab qolgan yaqinlarining ko‘ngliga hech narsa taskin bera olmaydi. Onaizor har oqshom qizalog‘ining eng sevimli o‘yinchog‘ini quchib, u yotgan o‘rinni hidlay-hidlay ko‘ziga uyqu inadi. Bir oz orom olgandek bo‘ladi-yu, yana o‘y-xayollar og‘ushida tunni tongga ulaydi.

 

— Ikki yil bor-budimizni sotib, uning davolanishi uchun sarfladik, deydi Mavluda opa. — Oxiri ilojsizlikdan Mubinaning ammasi telegram orqali kanal ochib, odamlardan yordam so‘radi. Oxirgi bir yil yaxshi insonlar ko‘magi ila qizimizning hayotini saqlab turdik. Oyda ikki marotaba poytaxtda qatnardik. Toshkent-Farg‘ona yo‘lida yarim umrimiz o‘tdi. Oxiri, bo‘lmadi. Uning so‘nggi kunlari shu qadar og‘ir o‘tdiki, farzandimizni qiynalayotganini ko‘rib, o‘limiga ham rozi bo‘lib ketdik. (Mavluda opaning aytarlari ko‘p edi. Ammo u ortiq gapirolmadi. Alam, iztirob va achchiq ko‘z yoshlari bunga yo‘l qo‘ymadi.)

 

Qahramonlarimiz bilan suhbatlashgan chog‘da shu narsani angladimki, odam ojiz va ilojsiz qolgandagina o‘zgalardan yordam so‘raydi. Qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, mushkuliga chora izlaydi. Yaqinidan ajralishdan ko‘ra har qanday hokisorlikka ham rozi bo‘ladi.

 

Xo‘sh, jamiyatimizda bunday kishilarga ko‘mak beruvchi biror davlat yoki nodavlat tashkilot bormi? Baʼzi xayriya tashkilotlari odamlar sog‘lig‘ini tiklashga ko‘maklashuvchi markazlarning ham o‘z yo‘nalishi bor. Ammo ularning imkoniyati barcha muhtojlarga yordam qilishga ojizlik qiladi.

 

Axir, kunda-kunora ijtimoiy tarmoqlarga, internet saytlarida ko‘payib ketayotgan xayriya aksiyalari ularni birlashtiradigan, tegishli tashkilot bilan hamkorlikda dardiga darmon bo‘ladigan markaz tuzib, barchasini bir tizimga solishni talab qilmayaptimi? Agar shunday tashkilot tuziladigan bo‘lsa, odamlar qilayotgan xayr-ehsonning ham manzili aniq bo‘lardi. Bemorlarning shifo topib ketish imkoniyati kengayardi. Shuningdek, plastik karta orqali xayriya aksiyalari doirasida yig‘ilayotgan pullar firibgarlar tuzog‘iga tushishning ham oldi olinardi.

Bahriniso MADUMAROVA

Muhtojlarga “SOS” markazi zarur(mi)? | Zamon.uz