Jamiyat

“Meni qaynotam bilan o‘ynash qilishda  ayblashdi, shu sabab kelinlik uyimdan ketib qoldim”

Oila jamiyatning asosiy negizi, taraqqiyoti omillaridan biridir.

“Meni qaynotam bilan o‘ynash qilishda  ayblashdi, shu sabab kelinlik uyimdan ketib qoldim”

 

Uning buzilishiga yosh oila vakillarining nikohga bo‘lgan masʼuliyatsizligi, farzand taqdiriga bo‘lgan loqaydligi yoki o‘rtaga uchinchi shaxsning aralashuvi  sabab bo‘lmoqda. Bugungi  mavzuyimiz ana shu haqda.

Zamon.uz caytiga Toshkent shahar Yashnobod tuman “Fazogir” mahallasida istiqomat qilayotgan fuqaro Feruza Salimovadan murojaat kelib tushdi. Uning aytishicha,  oilasi ajrim yoqasida ekan. Sababi eri boshqa ayolni tanlab ketgan.   Hozirda 3  farzandi bilan uysiz-joysiz, sarson-sargardon bo‘lib yuribdi.  Oilasini tiklashda bizdan yordam so‘ragan.

—2011 yil 9 sentyabrda turmushga chiqqanman. Turmushimdan 3 ta farzandim bor. Erim juda ko‘p xiyonat qiladi. To‘g‘risi qiynalib ketdim. Erimdan juda ko‘p zulm ko‘rdim. Farzandlarimni deyarli boqmaydi, qaramaydi.  Hozir ikki yildan buyon onamning uyida yashayman. Sud 3  farzandimga 1 million 200 ming so‘m aliment chiqarib berdi. Qaynonam 81 maktabda rus tili o‘qituvchisi  bo‘lib ishlaydi.  Erim alimentni ko‘p to‘layotgani uchun qaynonam uni maktabga  supuruvchi qilib joylashtirib qo‘ydi. Shundan keyin  alimentim 723 mingga tushdi.

—Aliment borasida  turmush o‘rtog‘ingiz bilan kelishishga harakat qildingizmi?

—Ha, harakat qildim ammo eshitishni istamadi. Qonunan biz hamon  er- xotinmiz. Sud bizni 3 farzandimiz borligi uchun ajratmadi. Yana vaqt berdi. Men oilamni saqlab qolish uchun rosa harakat qildim, ammo erim men bilan yashashni istamayapti. Uyiga bir qizni olib kelib shaʼriy nikoh asosida yashayapti. Oxirgi marta Andijonlik Maftuna degan  qiz bilan yashirincha uchrashib yurishganini sezib qoldim. Shu qizni deb erim bilan olti oy kurashdim. Oxiri oilamni saqlab qolish uchun o‘sha qizni erimga ikkinchi xotin qilib olib berishga rozi  bo‘ldim.  Evaziga faqat bolalarimni uy-joy bilan taʼminlab berishini so‘radim, xolos.

—Turmush o‘rtog‘ingiz  vaʼdasida turdimi?

—Yo‘q, turmadi.  Baribir meni uydan haydab chiqarishga urindi. Uy to‘lovlarini atay to‘lamadi, qarzga botib ketdik.  Gazga to‘lov qilmaganimiz uchun gaz quvurini kesib ketishdi. O‘zim ishlay desam uchinchi  farzandim hali juda yosh. Bolalarim  qishda gaz yo‘qligidan bir necha bor  kasal bo‘lib qolishdi. Men o‘sha uydan ketganimdan keyin  sharoit yaxshilanib, yo‘q gaz  ulandi.  Menga alam qiladigani axir farzandlarim uning ham bolasi-ku, nahotki rahmi келмайди....

Kichik o‘g‘lim kasal bo‘lib qolganida erim o‘sha ayol bilan kasalxonaga  ko‘rgani keldi. U bilan gaplashib ko‘rdim. Erimni tinch qo‘yish niyati yo‘q.

—Avval ham ota uyingizga shunaqa ko‘p ketib qolgan holatlar bo‘lganmi? 

 

—Bundan 4 yil avval  qaynonam meni rahmatli qaynotam bilan  o‘ynash qildi, deb tuhmat qilganida 4 yilga ketib qolganman. Hozir ota-onamning  2 xonalik uyida yashayman.  Uyimiz juda tor. Ukam uylanishi kerak. Meni deb uylana olmayapti. Qiynalyapman, erim farzandlarimni taʼminlashini istayman.

Holat yuzasidan biz murojaatchi kelin bo‘lib tushgan Uchtepa tumani “Paxtakor” mahallasi raisi o‘rinbosari Dilbar Hojimurotova bilan bog‘landik.

—Ha, bu qizimiz yordam so‘rab bir necha bor murojaat qilgan. O‘shanda turmush o‘rtog‘im kaltaklagani uchun ketayapman, degan. Biz ushbu oila bilan  tushuntirish ishlari olib borganmiz. Yarashtiruv komissiyasi bilan uch marta ko‘rib chiqqanmiz.  Feruzaga qonunan  bu uyga haqli ekanligini tushuntirganmiz. Darhaqiqat, bu oila notinch oila sirasiga kiradi. O‘zlarida ham ayb bor: yillab ota uyiga ketib qolgan. Yana bir jihatga eʼtibor qaratishingizni  istardim. Men turmush o‘rtoqlari bilan gaplashish  uchun bir necha bor uylariga bordim, uyida hech qanday begona yoki shaʼriy nikohdagi ayol borligiga guvoh bo‘lmadim.  Qo‘shnilaridan ham surushtirdim, eri uylanmagan ekan.

Tohir Salimov,  Feruzaning turmush o‘rtog‘i.

—Feruzaning hamma gapi yolg‘on. Barchasiga uning o‘zi aybdor.  U yaxshi bo‘lganida, avvalo, uydagi gapni ko‘chaga olib chiqmasdi. Agar unga oila kerak ekan onasinikiga yugurib ketavermay eshigim tagiga borib o‘tirib olgan bo‘lardi. Men unga bir necha bor  “Agar ketsang, qaytib kelma”, deb aytganman.   U bo‘lsa chiqib ketdi. Endi qaytib kelmasin. Ko‘rishni ham istamayman. Qaytarishga uyiga bordim, kelishni  istamadi. Uning dardi oila emas, pul va uy-joy. 

—Ajrashishingizga nima sabab bo‘lyapti?

—Men unga ishonmayman. Otam tirikligida onam ularni yotoqda ushlab olgan ekan. Shuni kechirolmayman. Yana bir holat,o‘sha vaqtda 54 yoshli   bir erkak bilan telefonda gaplashganida ham ushlab olganman. Telefonini tiktilab o‘sha odamni topib uyiga borganman. O‘sha erkak xotinim bilan gaplashganini tan oldi. Uylanish istagi borligini aytdi. Shundan keyin haydab yubordim. Qolaversa, tarbiyasi ham yaxshi emas. Uydagi gapni ko‘chaga tashiydi. Farzandlarimni ko‘rishga borsam otasidan bekitib ko‘rsatadi.  Otasi ko‘rib qolsa, bolalarni uyiga olib kirib ketadi.  Mening ko‘rishimni istashmaydi. Ayol kishining birinchi  vazifasi erining ko‘nglini olish. Bu esa faqat ota-onasi va bolalarini o‘ylaydi. Shuning uchun men u bilan yashashni istamayman.  Aslida men unga majbur bo‘lganimdan uylanganman. To‘ydan oldin oramizda munosabat bo‘lgan. Menga bolalarimni bersin, o‘zim boqaman,  o‘zi esa kerakmas.

Biz qahramonimiz Feruzaga yordam berish maqsadida yuristlarni jalb qildik.  Psixologik yordam ko‘rsatdik.  Qonun u tomonda ekanligini hamda erining xonadoniga o‘zini va bolalarini kiritib qo‘yish uchun fuqarolik sudiga ariza bilan murojaat qilish keraklini tushuntirdik.

Orzu havas bilan qurilgan oilaga bugun darz ketyapti. Sabab esa o‘zaro ishonchning yo‘qligi.  Biz yoshlarning fikri yoki xarakteri  bir-biriga to‘g‘ri kelmasligini oilaviy ajrimlarning asosiy sabablaridan biri  sifatida bilamiz. Lekin mana shunday holatda oilani saqlab qolishga ularga nima xalaqit beradi. Biri-birining sirini ochib, sharmanda qilgandan ko‘ra,  muammosini yechsa, uni saqlab qolish mumkin-ku. Muammoli oilada o‘sgan bolalar  hayotga ham boshqacha nigoh bilan qaraydi. Xalqimiz qush uyasida ko‘rganini qiladi, deb bejiz aytmagan. Xulosa esa o‘zingizdan.

Munojat Valiyeva

“Meni qaynotam bilan o‘ynash qilishda  ayblashdi, shu sabab kelinlik uyimdan ketib qoldim” | Zamon.uz