Makler ishonchlimi yoki rieltor?
Ko‘pchilik hozirda uy-joy oldi-sotdisi uchun makler bilan bog‘lanadi. Lekin ular qay darajada ishonchli, ishingizni qonunan hal etib bera oladimi?

Bunday oldi-sotdilarni bugungi kunda internet tarmog‘i orqali ham amalga oshirish mumkin. Lekin u yerda ham deyarli barcha eʼlonlarni maklerlar band qilib, o‘z “otalig‘i”ga olgan. Masalan, Olx.uz va shunga o‘xshagan saytlarda xaridorning sotuvchi bilan topishishi juda qiyin. Hayratlanarlisi, qaysi eʼlonga qo‘ng‘iroq qilmang, faqat bir kishi bilan bog‘lanasiz. Uning “ismi” — MAKLER.
Uy olish va ijara qidirishda qiynalayotgan mijozlardan baʼzida turli xil gaplarni eshitib qolamiz. Uy hujjatlarini rasmiylashtirishda muammo bo‘layotgani, baʼzi maklerlar tomonidan bitta uy bir paytning o‘zida ikki xaridorga pullanganini eshitib yoqangizni ushlaysiz. Qolaversa, ularning xizmat narxi ham ancha baland. Bu, ayniqsa, ijarada turadigan talabalar noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
Shaxsan o‘zim talaba bo‘lganim uchun ularning holatidan xabardorman. Maklerlarning nayrangiga chuv tushgan paytlarim ham bo‘lgan. Masalan, kursdoshlarim bilan birlikda bir uyni ijaraga olib, talab qilingan ikki oylik ijara pulini oldindan berganmiz. Hali bir oy ham yashamasdan yangi yil bayrami sabab hammamiz viloyatga, uyimizga ketdik. Qaytib kelsak, biz yashaydigan ijara uyga boshqa odamlar qo‘yilibdi. Bizni hatto ogohlantirishmagan ham, ko‘ch-ko‘ronimizni balkonga uloqtirib yuborishgan. O‘sha ayozli kunda kech 2 gacha ko‘chada oyoq-qo‘limiz muzlab o‘tirganmiz. Keyinchalik bilsak, makler qalloblik qilgan ekan: bizdan oldindan ikki-uch oylik ijara pulini olib, uni uy egasiga bermay quyonning suratini chizgan ekan.
Bunday sharoitda davlat ro‘yxatidan o‘tgan riyeltorlik markazlari bilan ish tutgan maʼqul. Ular sotuvchi va xaridor o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘taydi. Agar qandaydir muammo paydo bo‘lib qolsa ham ularningmanzili aniq, qayerga va kimga murojaat qilganingizni bilasiz.
Riyeltorlik markazlarining uy-joy oldi-sotdisidagi ulushi 3 foizni tashkil etadi. Va bu qaysi tarafdan olinishi kelishuvga bog‘liq bo‘ladi. Ijara uy olishda riyeltorga 25 foiz ulush berasiz, maklerlar esa 50 foiz haq talab qilyapti. 25 foiz to‘lab riyeltor bilan ishlagan yaxshimi yoki 50 foiz berib makler bilan — bu, albatta, sizu bizning tanlovimiz. Xo‘sh, siz kimni tanlagan bo‘lardingiz?
Dostonbek Baxtiyorzoda







