Jamiyat

“Meni aqli zaifga turmushga berishdi. Hayotim barbod bo‘ldi...”

Odam hayoti yo  turmushiga yolg‘on aralashsa nima bo‘ladi?

“Meni aqli zaifga turmushga berishdi. Hayotim barbod bo‘ldi...”

 

Buni, albatta, tasavvur qilish ancha mushkul.  Biroq, afsuski, oramizda shunday taqdir yoki qismatga ega fuqarolar ham bor ekan.

 

Zamon.uz saytiga Jizzax viloyati Forish tumanida istiqomat qilayotgan  Gulnora Hamidova ismli ayol murojaat qilib, uni aldab aqli zaif odamga turmushga berishgani holatiga nisbatan  huquqiy baho berilishini so‘ragan.

 

Gulmira Hamidova, 33 yosh:

 

—Yoshim anchaga yetib qolgan, shu tufayli xonadonimizga sovchilar deyarli kelmay qo‘ygan  edi. Bir kuni mutlaqo begona odamlardan  sovchi keldi. O‘ylab o‘tirmay uchrashishga  rozi bo‘ldim. Lekin yigit uchrashuvga  kelmadi. Men o‘sha kuni rosa kutdim. Keyin  kuyov koronavirusga chalinibdi, deb aytishdi. Shundan keyin sovchilar yana 3 marotaba kelishdi. Biroq ular bilan kuyov yana kelmadi. Telefon ham qilmadi.  Kuyov kelmaganga yarasha hech bo‘lmasa telefon qilsin, dedim, lekin qaynisinglim akam ishda,  vaqti yo‘q, to‘y uchun pul topyapti, dedi. Shundan so‘ng  ilojsizlikdan kuyov yashaydigan mahallaga bordik.  Mahalla raisiga uchrashdik. Oilasi yaxshi ekanligini, yigit ham odobli,  biroq kamgap va uyatchan, deb aytishdi. Meni rosa avrashdi.  Ilojsizlikdan kuyovning rasmini ko‘rib to‘yga rozi bo‘ldim.

 

—Ko‘rmasdan, gaplashmasdan qanday rozi bo‘lish mumkin?

 

 —Uydagilar  “Tegmasang qolib ketasan, seni boshqa hech kim so‘rab kelmaydi”, qarindoshlarim esa “Burungi zamonda  ham momolarimiz kuyovni ko‘rmasdan   rozi bo‘lishgan”,  deb meni ko‘ndirishdi. Biz tibbiy ko‘rikdan o‘tdik. So‘ng to‘y bo‘ldi. To‘yning ertasi kuni erim erkak emasligini bildim. Buni o‘zi ham tan oldi.

 

Meni o‘sha kuni uyga olib ketishmoqchi bo‘lishdi, lekin qaynonam “Olib ketmang, hech bo‘lmasa uch kun qoling”- deb yalinib yolvordi. Qaytib borsam, birov ishonadi, birov ishonmaydi, gap bo‘lishimni o‘ylab qolishga  qaror qildim. Meni kelinlik uyimga tashlab ketishdi.  Kuyov muomilani umuman bilmas ekan, hamma bilan besabab urishadi, o‘zicha so‘kinadi. Men avvaliga  tushunmadim.Keyin bilsam erim aqlan zaif ekan.

 

— Kuyovni hech bo‘lmasa zagsga kelganida ko‘rgandirsiz, nahotki  gap-so‘zi yoki xatti-harakatlarini kuzatmadingiz. Aqlan zaif bo‘lsa, bir qarashdayoq bilinardi-ku?

 

—Ha, keldi, lekin u mendan ancha uzoqda turdi. Yonimda asosan qaynisinglim yurdi. Men gaplasholmadim. To‘g‘rirog‘i, gaplashishga qo‘yishmadi. Imzoni ham o‘zi emas, qaynisinglim qo‘ydi. Zagsga arizani  ham erim emas, qaynisinglim yozdi. So‘rasam, akam o‘qimagan, yozishni bilmaydi, dedi.

 

—Gaplashib ko‘rishga harakat qildingizmi, yo sizga biror nojo‘ya gap aytdimi, nega aqlan zaif, degan xulosaga keldingiz?

 

—Chunki o‘ziga o‘zi gapiradi. Men bilan umuman gaplashmaydi, faqat  ovqat so‘raydi.  Bir oy yashab ko‘rdim, lekin chidolmadim, uyimga ketib qoldim.

 

Zumrad Xo‘jayeva, mahalla faoli:

 

—Bu oilani bir yil davomida o‘rgandim. Oila yaxshi, tinch, biror marta uyda janjal bo‘lmagan. Yigit tuman suv taʼminoti bo‘limida supuruvchi bo‘lib ishlaydi. Ular har olti  oyda tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Yigitni o‘zi bilan ham gaplashganman, tuppa-tuzuk bola.

 

—Unda nega ajrashishdi, sababini surishtirib ko‘rmadinglarmi?

 

—Surishtirdik.  Erkak  kishida tibbiy jihatdan muammo bor ekan,  deb aytishdi.

 

—Kuyovning ruhiy kasalliklar shifoxonasida nazoratda turishidan xabaringiz bormi?

 

—Yolg‘on, bo‘lmagan gap, eshitmaganmiz.

 

Biz voqeani faqat Gulmiradan tingladik. Albatta, bir tomonlama xulosa chiqarib bo‘lmaydi. Muammo aynan kimda ekanligini bilish,  to‘g‘ri xulosaga kelish uchun biz ikkinchi tomonni ham eshitish uchun   kuyov bilan bog‘lanishga harakat qildik. Afsuski kuyov biz bilan subatlashishini istamadi. Uning yaqinlari, opa-singillari ham  suhbatdan bosh tortdi.

 

Nilufar Xolmatova, advokat:

 

—Bu yerda soxta nikoh tuzilgan. Demak,  Fuqarolik kodeksi va Oila kodeksida ham soxta tuzilgan nikoh bekor qilinadi. Bundan tashqari murojaat etuvchi kuyovni erkaklik tomonidan nosog‘lom ekanligi va ruhiy holati o‘zida emasligini yashirgani uchun fuqarolik sudiga berishga yuz foiz haqlidir. To‘y uchun  ketgan xarajatlarni sud undirib beradi. Bu yerda loqaydlik va eʼtiborsizlik bilan qaraganligi uchun FXDYO xodimiga nisbatan  ham qonuniy javobgarlik  masalasi  bor. Moddiy-maʼnaviy zarar xam undirish mumkin. 

 

 

Yolg‘on bilan qurilgan oila oxir-oqibat yaxshilik bilan tugamadi. So‘zimiz so‘ngida aytadigan gapimiz shuki, birovning hayotini izdan chiqarishdan oldin, birovning hayotiga kafillik berishdan avval hammamiz, eng avvalo, o‘zimizning farzandlarimizni  ko‘z oldimizga keltiraylik. Bu hayotni charxpalakka mengzash mumkin, taqdir taqozosi bilan u aylanib yana o‘zimizga qaytib kelishi hech gap emas.

Munojat Valiyeva

“Meni aqli zaifga turmushga berishdi. Hayotim barbod bo‘ldi...” | Zamon.uz