Jamiyat

“Oilamni saqlab qolish uchun ayolimning xiyonatini kechirishga tayyorman”

Tahririyatimizga Toshkent shahar Uchtepa tumanidan Komiljon Ibragimov murojaat yo‘lladi.

“Oilamni saqlab qolish uchun ayolimning xiyonatini kechirishga tayyorman”

U o‘z murojjatida oilasi buzilayotgani, saqlab qolish uchun qo‘ldan kelganicha harakat qilayotgani, ammo rafiqasining u bilan yarashish istagi yo‘qligini bildirgan. Farzandlarini ko‘rish uchun yordam so‘ragan. Biz u bilan bog‘lanib, muammosini o‘rgandik.

Komiljon Ibragimov:

— Ayolim bilan 2002 yilda sevishib oila qurdik. 3 yildan so‘ng oilamni uyga tashlab o‘zim ishlash uchun Koreyaga ketdim. Bu orada ayolim o‘zidan 8 yosh kichik bo‘lgan yigit bilan yurib ketgan. Yaqinlarim aytishganida dastlab ishonmagan edim. O‘zbekistonga qaytib kelganimdan keyin ularni o‘z qo‘lim bilan ushlab oldim. Avvaliga tan olishmadi, keyin yigit ikki yildan buyon ayolim bilan uchrashib yurishini aytdi. Undan 2 qizim bor. Biri 18, ikkinchisi16 yosh. Keyin ajrashib ketdik.

— Keyin oila qurdingizmi?

—Ha, boshqa oila qurdim, u bilan 7 yil birga yashadik. Yana ikkita farzandlik bo‘ldim. Afsuski bu oilam bilan ham muammo paydo bo‘ldi: u ham menga xiyonat qildi.

— Ikkinchi bor ham xiyonatga uchradim, deyapsiz holatni qanday qabul qildingiz?

—Ikkinchi ayolimning xiyonatini bilgach, o‘sha kuni uyga kelib xumordan chiqguncha do‘pposladim. Meni sudga berdi. Jazoyimni ham oldim.

Hozirda ikkinchi oilamdan tug‘ilgan ikki o‘g‘limni qaytarib olishga xarakat qilyapman. Lekin oilamni tiklash uchun xiyonatini kechirishga tayyorman. Chunki uni sevaman.

—Qonuniy nikohdamisiz?

—Yo‘q, shaʼriy nikohdamiz. Negaki qaynonam bunga yo‘l qo‘ymadi. Sababi doimiy ro‘yxatda turgan uy yaqin orada buzilishi kerakligini, shu orqali unga alohida uy berish mumkinligini aytgan edi.

Qolaversa, bolalarimni sog‘indim. Ularni ko‘rgani borsam ayolim ko‘rsatishni istamadi. Jahl ustida aliment to‘lashdan bosh tortdim.

Murojaatchi hikoyasidan kelib chiqib tabiiy savol tug‘iladi: qonunchiligimizda xiyonatga uchragan erkak farzandlarini olishga haqlimi?

Odilbek Xazratqulov,  Mirobod tuman fuqarolik ishlari bo‘yicha sudi sudyasi:

—Xiyonat, ajrim yoki alohida yashash farzandlarga bo‘lgan huquqni cheklamaydi. Lekin shunday sud jarayonlari ham borki, unda farzandlarni yashash joyini belgilash yoki farzand bilan uchrashishda  psixologlar jalb qilini,b farzandlar  fikri ham eshitiladi.

Biz mavjud   muammoga ijobiy yechim topish maqsadida murojaatchining rafiqalari bilan ham bog‘lanishni lozim topdik

-Sevara Farxodova, birinchi rafiqasi:

—Erim 10 yil davomida Koreyada ishladi. Biz bu yerda yolg‘iz qolib ketdik. O‘zbekistonga kelishidan 2 yil avval telefon orqali talog‘imni berdi. Men xiyonat qilmaganman. Qaytishini 10 yil kutdim. Lekin bizni umuman moddiy jihatdan taʼminlamay qo‘ydi. Qiynalganimdan ishga chiqib ketdim. Evaziga besabab tuhmatga qoldim. Talog‘imni olgach, boshqa insonga turmushga chiqdim.

-Komola Jabborova, ikkinchi rafiqasi:

—Farzandlarim va mendan biror marta kelib xabar olmadi. Oxirgi marta yangi yil kuni keldi. Bolalarimning mehri yo‘q. Bu odamdan menga hech narsa kerakmas. Men bu odam bilan yashashni istamayman. Doim boshimga uradi. 7 yil davomida kaltagini yeb charchadim. Meni xiyonatda ayblab, boshimni urib yordi, ikki marta operatsiya bo‘ldim. Biror marta kelib xabar olmadi. Aliment ham to‘lamaydi.

-Nega alimentga ariza bermadingiz?

-Qonuniy nikohim yo‘qligi uchun.

-Oila qurganingizga 7 yil bo‘libdi nega shu vaqt ichida qonuniy nikohdan o‘tmadingiz?

-Men hali sinovda ekanligimni, sinovdan o‘tsamgina qonuniy oila qurishim mumkinligini aytgan. Nazarimda umuman istamagan, meni aldab kelgan. Birinchi ayoli sudga berib qonuniy uy talab qilgan. Meni ham shunday qiladi, deb o‘ylagan bo‘lsa kerak.

Turfa odamlar, turfa taqdirlar... Bunday paytda nima deyishga ojiz qolasan. Ularni tinglab, kimga ishonish, kimning tarafini olishni ham bilmaysan. Lekin shunday bo‘lsa-da, bir haqiqatdan ko‘z yumib bo‘lmaydi: oila muqaddas, unga yengil-yelpi qarab bo‘lmaydi. Qolaversa, o‘rtada begunoh bolalar bor.Ularning ertasini o‘ylash siz bilan bizning zimmamizda. Ularning gunohi ne?..

                                                                                                                                                        Munojat Valiyeva

“Oilamni saqlab qolish uchun ayolimning xiyonatini kechirishga tayyorman” | Zamon.uz