Jamiyat

Valiyevlar osmonida porlagan o‘n yulduz

Farg‘ona tumani “Cheksho‘ra” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Nabijon Valiyev ko‘p bolalik oilada voyaga yetgan.

Valiyevlar osmonida porlagan o‘n yulduz

 

Oliy maʼlumotli, hozirda  tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanadi. Turmush o‘rtog‘i Ziyoda Valiyeva esa Farg‘ona shahridagi 4-umumtaʼlim maktabida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimida ishlaydi.Yaratgan ularni 4 farzand (2 nafari egizak) bilan siylagan.

“Qalbim tubidagi uzoq kutgan orzularim ushaldi”

 

Umr daraxtiga qanchadan-qancha orzu armonlar bitilgan. Kimdir farzandga zor, kimdir esa dilbandining sog‘lom kulgusidan bezor. Bir maskan borki, u yerdagi beg‘ubor yuraklar yo‘ldan ko‘zini uzol­maydi.Ularning mungli nigohlari allaqaysi makonlarda beg‘am yashayotgan onasi, otasini kutishdan charchamaydi.

 

Bundan uch yil avval Ziyoda opa “Mehribonlik uyi”dagi bolalarni yo‘qlab borganida, unga peshvoz chiqqan bolajonlarning mungli ko‘zi yuragiga allanechuk tuyg‘ularni jo etgandi. Ayniqsa, ularning “oyijon bizni olib ketasizmi”, deya quchog‘iga otilishi qalbida ONALIK MEHRI va INSONIYLIK fazilatining qayta gullashiga turtki bo‘lgan. O‘shanda Ziyoda opa turmush o‘rtog‘i bilan farzand saqlab olish ilinjida ko‘plab tashkilot eshiklarini qoqadi. Biroq eski tartib-tamoyillarga ko‘ra, bola saqlab olish faqat farzandsiz oilalarga navbat asosida berilgani bois ularning murojaatlari qabul qilinmaydi.

 

Davlatimiz rahbarining joriy yil 9 avgustda qabul qilingan “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori Valiyevlar oilasiga o‘zgacha quvonch olib kirdi. Ular Marg‘ilon shahridagi 1-sonli “Mehribonlik uyi”dan 6 nafar yetim bolani tarbiyasiga oldi.

 

— Har gal Mehribonlik, Muruvvat va Saxovat uylariga borganimda “qaniydi, bunday “uy”­lar bo‘lmasa. Hech bir bola, ota-ona tashlab ketilmasa, manglayiga “ortiqcha yuk” degan tamg‘a bosilmasa”, deya duo qilardim. U yerdagi o‘ksik qalblarni ko‘rib, odamlarning shafqatsizligidan xafa bo‘lib, yig‘lab qaytardim. Turmush o‘rtog‘imga farzand olish taklifini aytganimda, hech ikkilanmay, fikrimni qo‘llab-quvvatlagan edilar. Ammo bizga farzand berilmasligini eshitib, ko‘nglimiz cho‘kkandi. Prezident qarori bilan qalb tubidagi orzu-istaklarimiz bugun ijobat bo‘ldi. Chunki biz ko‘p farzandli bo‘lishni, uyimiz bolalar kulgusi va quvonchi ila yana-da charag‘on bo‘lishini niyat qilardik. Duolarim ijobat bo‘lib, niyatimizga yetdik. 10 nafar (besh qiz, besh o‘g‘il) farzandning baxtli ota-onasi bo‘ldik. Bolalarim quvonchi, baxti uchun bor mehrimni beraman, —deydi Ziyodaxon Valiyeva.

 

 

“Bolajonlarimning poyqadami qutlug‘ keldi”

 

Har bir farzandning oilada o‘z o‘rni bor. Ularga namuna bo‘la olish, quvonchi-yu tashvishini birdek baham ko‘rishda asosiy yuk oila boshlig‘ining yelkasida bo‘ladi. 

 

 — Bolalarimizni olishga borgandagi quvonchim, his-hayajonimni so‘z bilan taʼriflab berolmayman. Bolalar yangi uylariga ko‘nika olarmikan, degan qo‘rquv menga tinchlik bermayotgandi. Ular bilan gaplashganda ham yotig‘i bilan tushuntirdim: bolalar, yangi uylaringga ko‘nikkuncha bemalol bu yoqqa ham kelib-ketsalaring bo‘ladi, deb. Rozi bo‘lishdi. Ularni uyga olib keldik. Mashina uyimiz oldiga to‘xtaganida, orqadan “dadajon, uyimiz juda chiroyli uy ekan, men shu yerda qolaman”, degan quvonch ohangidagi ovoz keldi. Ich-ichimdan shunday quvondimki... Bolalarni olib kelganimizga uch kun bo‘ldi. Yangi uylari yoqqani uchun “Mehribonlik uyi”ga qaytishmadi.“Dadajon”, “ayajon” deb erkalanib yurishibdi. Anchadan beri “Mehribonlik uyi”dan bolalarni tarbiyamizga olish rejasi bizda bo‘lgani uchun ularni barchamiz o‘zgacha xursandchilikda qarshi oldik. Ayniqsa, egizaklarimizning boshi ko‘kka yetdi. Opa-akalari bilan maza qilib o‘ynashyapti.

 

Farzandlarimning qadami qutlug‘ keldi. Hozirda mahallamizda obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda: ko‘chamiz asfaltlandi, ichimlik suvi olib kelinmoqda, — deydi Nabijon Valiyev.

 

Bolalar oilaga berilganidan keyin Milliy gvardiya va viloyat hokimligi masʼullari ularning o‘qishlari uchun sharoit yaratib berishga ko‘maklashmoqda.

 

Bahriniso Madumarova

Valiyevlar osmonida porlagan o‘n yulduz | Zamon.uz