Jamiyat

Emlanganingiz haqida SMS-xabarnoma olyapsizmi?

“COVID-19”ga qarshi kurash hamon davom etyapti. Olimlar mehnati natijasi o‘laroq turli xil vaksinalar yaratila boshlandi va ularning ayrimlari  amalda qo‘llanilmoqda.

Emlanganingiz haqida SMS-xabarnoma olyapsizmi?

 

Ayni paytda mamlakatimizda virusga qarshi emlash jarayoni jadal davom etmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, 1 apreldan  27 avgustgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida 13 million 751 ming 939 kishi emlangan. Ularning 1 million 630 mingdan ziyodi to‘liq emlangan.

 

Ammo bugungi kunda vaksinaning birinchi dozasi bilan emlanganlar orasida emlanganligi to‘g‘risida axborot beruvchi SMS xabarnoma kelmayotgani haqida gap-so‘zlar tarqalmoqda. Ushbu holatni o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekovga murojaat qildik.

 

— Bundan xabarimiz bor. Bizga ham murojaat qilishyapti. Emlanganlar to‘g‘risidagi maʼlumotlarni to‘liq yagona elektron bazaga kiritishga erishish uchun barcha harakatlarni amalga oshiryapmiz. To‘g‘ri, elektr taʼminoti tizimida uzilishlar bo‘lgani, mobil brigadalar joylarga chiqib emlayotgani va emlash uchun murojaat qilyotgan odamlar soni ancha ko‘payganligi tufayli hamma vaksina olganlarni ham aynan o‘sha kuni maʼlumotga kiritolmaslik holatlari bo‘lyapti. Bu masalani yaqinda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan video aloqa tizimi orqali muhokama qilib oldik.

 

Emlangan, lekin hali to‘liq elektron bazaga kiritilmagan  aholi guruhlari ham mavjud. Menimcha emlash punktining telefon raqamini olib, unga murojjat qilinsa, bu borada hech qanday muammo bo‘lmaydi.  

 

Aslida emlanganimizdan so‘ng  yarim soat o‘tib-o‘tmay  xabarnoma kelishi kerak. Emlangan kishi  uch kun davomida tibbiyot xodimlari nazoratida bo‘ladi. Shifokorlar, o‘rta tibbiyot xodimlari emlashdan so‘ng biror nojo‘ya taʼsir bo‘lmayaptimi, hech qanday salbiy holatlar kuzatilmayaptimi, deb so‘rab-surishtiradi. Demak, bu jarayonda uyimizga borgan yoki bizdan hol-ahvol so‘ragan tibbiyot xodimlaridan ham foydalansak bo‘ladi. Lekin har qanday holatda ham  emlanganlik to‘g‘risidagi xabar o‘sha zahoti yetib borishi maqsadga muvofiq.

 

“IT-MED MChJ” jamoat bilan ishlash sektori mutaxassisi Abdumajid Abdukarimovning aytishicha, SMS xabarnoma kelmay qolishiga telefon raqamning xato yozilishi, ayrim kishilarlar uy telefoni raqamlarini yozdirib ketishi (ularga SMS kelmaydi) va baʼzi texnik xatolar sabab bo‘lmoqda. Qolaversa, joylarga chiqib emlayotgan tibbiyot xodimlarining kompyuter bilan bog‘liq baʼzi muammolari ham ularni bazaga kiritishda chalkashlikka olib kelayotgan hollar ham yo‘q emas.

 

Bundan tashqari, vaksina bilan to‘liq emlangandan so‘ng beriladigan sertifikatda olingan vaksina o‘rniga boshqa vaksina nomi qayd etilgan holatlar  ham uchrayotgani haqidagi savolimizga Nurmat Otabekov:

 

— Unaqa bo‘lishi mumkin emas. Agar bunday holatlar kuzatilayotgan bo‘lsa, albatta, aniqlik kiritish kerak. Bitta yo ikkita vaksinani olib, bo‘ldi boshqasini olmayman, menga sertifikat yozib bering deyayotganlar ham yo‘q emas.

 

Kim qaysi vaksinani olgan bo‘lsa, sertifikatda ham aynan o‘sha vaksina yozilishi  kerak. Chunki berilayotgan sertifikat  o‘sha vaksinaning sifatiga ham kafolat vazifasini bajaradi. Biz agar bitta vaksina bilan emlanib, uning o‘rniga boshqa vaksina sertifikatini taqdim qilsak, bir paytning o‘zida ikkala vaksinani ham aldayotgan bo‘lib qolamiz.

 

Agar shunday holatlar kuzatilayotgan bo‘lsa, o‘sha sertifikatni bergan kishiga nisbatan  chora ko‘rish darajasigacha yetib borish lozim. Buning uchun jurnalistlar bizga yordam berishi, ularni ko‘rsatuvlarga olib chiqib keng ommaga oshkor qilish kerak.

 

Abdumajid Abdukarimov bunday holat hamshiralarning eʼtiborsizligi sababli ham ro‘y berishi  mumkin, degan fikrni bildirdi.

 

Bunday holatlarda emlash punktlariga qo‘ng‘iroq qilish, vaziyatni tushuntirish, xato va kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf qilish maqsadga muvofiq.

 

 

Dostonbek Baxtiyorzoda

Emlanganingiz haqida SMS-xabarnoma olyapsizmi? | Zamon.uz