"Ozod yurt to‘lqinlari" media-festivali g‘oliblari taqdirlandi
Poytaxtimizdagi “Residence Park Hotel Tashkent”da O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan nodavlat teleradiokanallar vakillari ishtirokida O‘zEOAVMA va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining mablag‘larini boshqarish bo‘yicha parlament komissiyasi tashabbusi bilan “Yangi O‘zbekiston. Yangi nigoh” media dasturi doirasida “Ozod yurt to‘lqinlari” media-festivali bo‘lib o‘tdi.


Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz arafasida o‘tgan ushbu festivalda O‘zEOAVMAga aʼzo ellikka yaqin nodavlat teleradio kompaniyalar xodimlari, o‘ndan ziyod Veb-saytlar va blogerlar “Yangi O‘zbekiston. Yangi nigoh” dasturidan o‘rin olgan 60 ta loyihani yoritish bo‘yicha o‘zlarining ijodiy ishlarini taqdim qilishdi, kelgusi vazifalarni o‘zaro muhokama qilishdi.
Haqiqatan ham festivalda media dastur qabul qilingan aprel oyidan shu kunga qadar 500 ga yaqin telereportaj, 10 dan ziyod hujjatli film, 1450 ta radio axborot, Veb-saytlarda 215 ta turli xabarlar, salmoqli o‘quvchilar soniga ega bo‘lgan blogerlarning Telegram kanallarida 185 tadan ziyod informatsiyalar berilganligi taʼkidlandi.
Bundan tashqari mamlakatimizning xalqaro miqyosda demokratik nufuzini oshirishda O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasining “Evro news”, “VVS”, “SNN”, “Rossiya-24”, “Amerika ovozi” singari xorijiy yirik media resurslar bilan hamkorligini eʼtirof etildi. Ushbu dunyo bo‘yicha keng auditoriyaga ega ommaviy axborot vositalari O‘zbekistonda bo‘layotgan muhim siyosiy va ijtimoiy voqelarni keng yoritishmoqda. Misol uchun yaqinda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya materiallari yuqoridagi xorijlik hamkorlar tomonidan jahonning o‘nlab tillarida efirga uzatildi.
Festivalning ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qo‘mitasi raisi, Parlament komissiyasi aʼzosi B.Tojiyev, O‘zEOAVMA boshqaruvi raisi F.Abduxoliqov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, parlament komissiyasi aʼzosi Z.Ibragimova, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Yuksalish” umumilliy harakati rahbari B.Bekmurodov, O‘zbekiston Prezidenti Admistratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari G‘.Bozorov, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi rahbari E.Tulyakov, “Yangi O‘zbekiston” gazetasi bosh muharriri s.Doniyorov, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi O.O‘sarov va boshqalar amalga oshirilgan ishlarda O‘zEOAVMA aʼzo teleradio stansiyalari va assotsiatsiya bilan hamkorlikda ishlayotgan jurnalist va blogerlarning xizmatini alohida eʼtirof etishdi.
Festivalda O‘zEOAVMA aʼzo ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhiga “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni tantanali topshirildi va “Yangi O‘zbekiston.Yangi nigoh” media dasturini yoritishda faol ishtirok etgan jurnalistlar va blogerlar umumiy qiymati 530 million so‘mlik noutbuklar va boshqa sovg‘alar bilan taqdirlandi.
K.Ermatova, “Avto radio” bosh muharriri:-“Yangi O‘zbekiston. Yangi nigoh” media dasturini amalga oshirishda Assotsiatsiyamizga aʼzo radiolar ham faol ishtirok etishmoqda. Biz mustaqil yurtimizning haqiqiy ozod ovoziga aylanib bormoqdamiz. Yaqinda bo‘lib o‘tgan konferensiyada radiolarga o‘rtacha 120 mln. so‘mdan grant berildi. Radiolar uchun reklama bozori biroz oqsayotgan hozirgi paytda bu juda katta yordam bo‘ldi. Biz bunday yordamlarni birinchi marta olayotganimiz yo‘q. Assotsiatsiyaning asosiy maqsadi milliy media maydonda nodavlat teleradiolar o‘rnini mustahkamlashdan iborat. Bayrma arafasida yana sovg‘alar oldik. Eng muhimi “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandik. Nodavlat OAV doimo qo‘llab-quvvatlab kelayotganlari uchun hurmatli Prezidentimizdan minnatdormiz va o‘z rahmatimizni aytamiz.
M.Paluanova, “Jaslar” TV bosh direktori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi:- Taʼkidlash joizki ushbu festivaldan ko‘zlangan maqsad milliy jurnalistikamizni rivojlantirish, ommaviy axborot vositalari faoliyatini erkinlashtirish, xususan nodavlat teleradiokanallarning moddiy texnika bazasini mustahkamlash, ushbu yo‘nalishda xizmat qilayotgan ijodiy va texnik xodimlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat. 2 iyul kuni assotsiatsiya aʼzolarining navbatdagi yig‘ilishida teleradiokanallarga 1 milliard so‘mlikdan ziyod zarur texnikalar, asbob-uskunalar topshirilgan edi. Bugun esa noutbuklar sovg‘a qilindi. Endi jurnalistlarimiz ishxona yoki uyda bo‘lishidan qatʼiy nazar – bemalol ishlashlari mumkin. Bularning barchasi ishimiz samaradorligini oshirishga xizmat qiladi, yangi loyihalarni yaratishga ko‘mak beradi. Biz bunday sharoit uchun assotsiatsiya qatori barcha hamkor va homiy tashkilotlaridan xursandmiz.
N.Asqarov, “Ruxsor” TV bosh direktori, Farg‘ona viloyati: - Yangi O‘zbekiston g‘oyasini o‘zida mujassam etgan media materiallar yaratish bugunning dolzarb vazifasi hisoblanadi. Biz o‘z faoliyatimizda har doim Assotsiatsiyaning har tomonlama ko‘magini his qilib turibmiz. 19 avgust kuni bo‘lib o‘tgan Konferensiyada O‘zEOAVMAga aʼzo barcha teleradio stansiyalariga va Veb-saytlar hamda blogerlarga 9 mlrd. 700 mln. so‘mdan ziyod grantlar berilgan edi. Birgina bizning kanalimizga 200 mln. so‘m ajratildi. Bu juda salmoqli va samarali moddiy ko‘mak bo‘ldi. Biz bu mablag‘ hisobiga zarur texnikalar sotib olamiz, studiyalarimizni taʼmirlaymiz. Biz bunday qo‘llab-quvvatlashdan minnatdormiz. Shu yil kasb bayramimizda Prezidentimiz Farmoni bilan ko‘plab hamkasblarimiz, xususan o‘zim davlat mukofotlari bilan taqdirlandik. Shu paytga qadar nodavlat teleradiolar xodimlari bu qadar keng ko‘lamda qo‘llab-quvvatlanmagan edi. Hurmatli Prezidentimizning bizga bo‘lgan bunday katta eʼtiborlari uchun chuqur minnatdorchilik bildiramiz.
D.Mamadaliyeva, “Nasaf” TV bosh direktori, Qashqadaryo viloyati: - 2021 yilning aprel oyida O‘zEOAVMA tomonidan qabul qilingan “Yangi O‘zbekiston. Yangi nigoh” media dasturi 60 ta yirik loyihani jamlagan bo‘lib, ular orasida Yangi O‘zbekiston g‘oyasini o‘zida mujassam etgan, islohotlar mohiyatini ochib beruvchi, mamlakatimiz yangi qiyofasini xalqaro jamoatchilikka yetkazadigan media mahsulotlar tayyorlash hamda nodavlat teleradiokanallarning moddiy texnika bazasini mustahkamlash, ularda faoliyat ko‘rsayotgan ijodiy va texnik xodimlar malakasini oshirish singari masalalarga alohida o‘rin ajratilgan. Biz bu vazifalarni amalga oshirishda Assotsiatsiya bilan qalin hamkorlikda ish olib bormoqdamiz. Mazkur media dastur doirasida shu yil hisobidan uchinchi marta moddiy va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tadbiri amalga oshirildi. Mana bugun ham 104 nafar jurnalist va blogerlar taqdirlandi. Bugungi festivalda tilga olinganidek dastur doirasida hozirgacha 11 mlrd. so‘mlik moliyaviy va moddiy ko‘mak berildi. Biz bunday yordam uchun Assotsiatsiya va Parlament komissiyasiga rahmat aytamiz.







