Jamiyat

“O‘ylab qarasam, dunyodagi eng baxtli ayol o‘zim ekanman!”

“Sog‘lom edim, birdan yurolmay qoldim. Ikki yilda boshimdan 10 marotaba operatsiya bo‘ldim. Oramizda yaxshi insonlar ko‘p. Odam aslo umidsizlikka tushmasligi kerak. Insonga birinchi o`rinda dalda beradiganlar — bu uning yaqinlari. Bugun nimaiki yutuqlarga erishgan bo‘lsam uning tag zamirida turmush o‘rtog‘im va yaqinlarimning beminnat xissalari bor.”

“O‘ylab qarasam, dunyodagi eng baxtli ayol o‘zim ekanman!”

 

Bu tadbirkor Dilnoza Murodovaning fikrlari. Shijoati, g‘ayrati, ishbilarmonligi, qolaversa, saxovati bilan hudud ahli tiliga tushgan bu ayol bugun oilaviy maktabgacha taʼlim tashkilotining rahbari.

 

“Bundan ikki yil avval ko‘ksartroz (oyoq suyaklarining yemirilishi)  kasalligiga chalindim. Oqsoqlanib qoldim. Bora-bora bu hastalik kuchayib ketdi.  Vaqt o‘tgan sari, umuman,  yurolmay qoldim. Sog‘lom yurgan odamning birdan kasal bo‘lib, batamom yurolmay qolishi ruhiyatga ham salbiy taʼsir ko‘rsatar ekan.Ikki yil ichida boshimdan 10 marotaba jarrohlik operatsiyasini o‘tkazdim. O‘sha kezlarni eslasam, hozir ham qalbimga iztirobli og‘riq inadi. “Men boshqa  yurolmayman, bir umrga majruh bo‘lib qoldim, endi hammasi tugadi", — deb o‘ylagandim. Ham jismoniy, ham ruhiy tushkunlik meni kun sayin yemirib borardi.

Ammo atrofimizdagi saxiy insonlar tufayli o‘zimga  bo‘lgan ishonch  qayta  uyg‘ondi. So‘ngi o‘ninchi operatsiyamga Qibray tuman hokimligi yordam ko‘rsatdi.Implantat operapsiyasi uchun tender ketayotganini eshitib, murojaat qildim va  tenderga tushdim. Oyog‘imga implantat qo‘yildi. To‘g‘ri, avvaliga yurishga qiynaldim. Ammo tez oyoqqa turdim. Ko‘pchilik og‘ir va azobli kunlarini eslashni, gapirishni istamaydi. Biroq o‘tmish insonga saboq berib turadi. Shu bois ham bugun qiynalgan kezlarimni yodga oldim.

 

— Sizni kelajakka umid bog‘lagan narsa nima?

 

— Kelajakka umid bog‘lagan narsa bu — mening ikki  farzandim, turmush o‘rtog‘im va  yaqinlarimdir. Men ularning yordami bilan  o‘zimda kuch topa oldim. Ular meni qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun ham bugun hayotda o‘z o‘rnimni topdim. Buning uchun ulardan minnatdorman.

 

— Tadbirkorlik faoliyatingizni yo‘lga qo‘yishingizda turtki bergan narsa nima?

 

— Muhtaram yurtboshimiz tashabbusi bilan biz yoshlarga berilayotgan ulkan imkoniyatlardan foydalanish maqsadida tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga qaror qildim. Bankdan  15 foizli kredit olib, o‘zim yashab turgan xonadonda bolalar bog‘chasini ochdim. Oz bo‘lsa-da, yangi ish o‘rni yaratdim. Bog‘chamiz rus tiliga ixtisoslashtirilgan. Ayni vaqtda muassasamizda ikki nafar xodim va 35  nafar  tariyalanuvchi bor.  Bolalar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Bugun kamtarona mehnatlarim evaziga «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishoni bilan mukofotlandim. Bu menga katta kuch bag‘ishladi.  Yurtoboshimizning bergan  yuksak mukofotlari  uchun boshim yerga tekkuncha taʼzimdaman. Albatta, ushbu mukofotni oqlash uchun o‘z ustimda yana-da ko‘proq ishlayman.

Endi meni kasallik taslim qilolmaydi. Faqat va faqat olg‘a intilaman.  Ishonasizmi, boshimdan o‘tgan voqealardan so‘ng men har narsadan quvonch, har narsadan baxt axtara boshladim. O‘ylab qarasam, dunyodagi eng baxtli ayol o‘zim ekanman!

 

— Kelgusidagi rejalaringiz?

 

— Yana bir guruh ochish istagim bor.  Kichik bog‘chamni yana-da kengaytirish uchun hozir hujjatlarni rasmiylashtirish  ishlari bilan bandman.  

 

Dilnozaning qilayotgan ishlari jasorat. Jasoratni esa har kim ham qila olmaydi. Uning bu intilishlari, hayotga bo‘lgan ishonchi, kelgusi rejalarining o‘zi haqiqiy jasorat. Uning ko‘ksini bezab turgan esdalik nishoni ham tasodif emas, balki haqiqiy mehnat, mashaqqat va fidoyilikka berilgan katta rag‘batdir.

 

Munojat Valiyeva suhbatlashdi.

“O‘ylab qarasam, dunyodagi eng baxtli ayol o‘zim ekanman!” | Zamon.uz