Jamiyat

“Amallar niyatga bog‘liq” — Shavkat Mirziyoyev

Toshkentda Islom Taraqqiyot Banki boshqaruv kengashining 46-yillik anjumani ochilish marosimi bo‘lib o‘tmoqda. Tadbir avvalida O‘zbekiston madhiyasi yangradi, so‘ng Qurʼon tilovat qilindi. Marosimda prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zga chiqdi va o‘z nutqini “Bismillahir rohmanir rohim!” deya boshladi.

“Amallar niyatga bog‘liq” — Shavkat Mirziyoyev

 

 

Prezident so‘zi avvalida yig‘ilganlarni O‘zbekistonda ko‘rib turganidan mamnunligini bildirdi.

 

“Albatta, Bankning yillik anjumani Toshkentda o‘tkazilishi o‘ziga xos ramziy maʼnoga ega. Biz buni O‘zbekistonning islom dunyosi rivojiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, mamlakatda so‘nggi 5 yil davomida olib borilayotgan izchil islohotlarning eʼtirofi deb hisoblaymiz”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Davlat rahbari o‘z so‘zida pandemiya bo‘lishiga qaramay, anjumanni jonli ravishda o‘tkazishga imkon bo‘lganini qayd etdi.

 

“O‘zbek xalqining buyuk ajdodi, butun musulmon olamining ulug‘ namoyandasi imom Al-Buxoriy hazratlari jamlagan “Sahihi Buxoriy” kitobida zikr etilgan hadisi sharifda aytilganidek, “Albatta, amallar niyatga bog‘liqdir”.

Barchamiz xolis niyat qilgan ekanmiz, Yaratganning marhamati bilan bugun Islom Taraqqiyot Banki guruhining yillik uchrashuvini jonli ravishda o‘tkazishga muvaffaq bo‘lyapmiz.

Taʼkidlash joizki, mazkur tadbir pandemiya boshlangandan beri dunyodagi xalqaro moliyaviy institutlar orasida birinchi bo‘lib tashkil etilgan nufuzli anjumandir”, – deya taʼkidladi prezident.

 

Shavkat Mirziyoyev Islom Taraqqiyot Bankining yangi prezidenti etib saylangan Sulaymon Al-Jassirni qutladi.

 

“Menga berilgan ushbu qulay imkoniyatdan foydalanib, Islom Taraqqiyot Bankining barcha aʼzo davlatlari vakillari nomidan hurmatli birodarimiz – Al-Jassir janoblarini bank prezidenti lavozimida ish boshlagani bilan muborakbod etaman.

Muhtaram Al-Jassir janoblari! Bu yuksak lavozimdagi faoliyatingizni O‘zbekistonga tashrifdan boshlayotganingiz chuqur ramziy maʼnoga ega. Shu sababli yurtimiz bilan hamkorlik Sizning masʼuliyatli va sharafli faoliyatingizning muhim qismiga aylanadi, deb ishonaman.

Mamlakatimiz timsolida Siz yaqin hamkor va sadoqatli do‘st topdingiz, desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Zimmangizdagi ezgu vazifani ado etishda Alloh taolo Sizni hamisha qo‘llasin!” – dedi O‘zbekiston prezidenti.

 

Avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan Islom taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 46-yillik yig‘ilishida ishtirok etishi haqida xabar berilgandi.

“Amallar niyatga bog‘liq” — Shavkat Mirziyoyev | Zamon.uz