Islom taraqqiyot banki va Saudiya Arabistoni O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirishga moliyaviy ko‘mak beradi
Islom taraqqiyot banki va Saudiya Arabistoni Podshohligi hukumati ko‘magida Iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish jamg‘armasi tashkil etiladi. Jamg‘arma O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashadi.


Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 sentyabr kuni ITBning Toshkent sammitidagi nutqida jamg‘arma kapitali 500 mln dollarga yetkazilishi ko‘zda tutilganini maʼlum qildi.
“Bizning kambag‘allikni qisqartirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlarimizni qo‘llab-quvvatlaydigan yangi loyiha – Iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish jamg‘armasini tashkil etish bo‘yicha kelishuvning mazkur anjuman doirasida imzolangani uchun Islom Taraqqiyot Banki va Saudiya Arabistoni Podshohligi hukumatiga o‘z tashakkurimizni bildiramiz.
Kapitali 500 million dollarga yetkazilishi ko‘zda tutilgan mazkur jamg‘arma yoshlarimiz, ayollarimiz va qishloq aholisini tadbirkorlikka jalb qilish uchun zarur sharoitlar yaratishga xizmat qiladi”, – dedi davlat rahbari.







