Navoiyda tug‘ruqxonaga ishga kiritib qo‘yish uchun fuqarodan 7 mln so‘m olgan shifokor qo‘lga tushdi
Yurtimizda shifokorlarning o‘z kasbiga sadoqati, xalqimiz sog‘lig‘i yo‘lida tunu kun qilayotgan mehnati tahsinga sazovor. Biroq oramizda ayrim qo‘shtirnoq ichidagi shifokorlar katta pul evaziga fuqaroni ishga kiritib qo‘yayotganlar ham uchrab turibdi.


Xususan, Navoiy viloyatida katta pul evaziga fuqaroni ishga kiritib qo‘yishni aytgan shifokor qo‘lga olindi.
Viloyat IIB axborot xizmatining xabariga ko‘ra, 2020 yil mansabini suiisteʼmol qilgani bois, viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan hayfsan olib, shartli ravishda Karmana tumani shoshilinch tez tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘limida navbatchi shifokor lavozimiga tushirilgan 1970 yilda tug‘ilgan S.F. pora bilan qo‘lga tushdi.
Shifokor avval o‘zi bilan birga ishlagan hamshira M.T.ni ko‘rib qolib, ish o‘rni tavsiya qiladi. Ishga joylashtirishda vakolati bo‘lmasa-da yangidan ishga tushgan tug‘ruqxonaga tanishlari orqali ishga kiritib qo‘yishini aytadi. Buning uchun 7 million so‘m pul talab qiladi. Hamshira hozirgi paytda ishsiz bo‘lganligi bois mazkur pulni berishga rozi bo‘ladi.
Navoiy viloyati IIB JQB korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida S.F. 7 million so‘m pullar hamda M.T.ning shaxsiy hujjatlarini olayotgan paytda qo‘lga olindi.
Ayni paytda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoroda fuqaroni aldab, uni G‘ijduvon Tibbiyot kollejiga o‘qishga kiritish uchun pora bilan qo‘lga olingangani, Surxondaryoda talabalarni 5,4 mln so‘mga chuv tushirib ketgan shaxs ushlangani hamda Andijon va Xorazm viloyatlarida abituriyentlarni o‘qishga kiritib qo‘yishni vaʼda qilgan institut hisobchisi va talaba ushlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.







