Jamiyat

Qamashida 28 yoshli erkak 12 yoshli qizni yarim tunda o‘g‘irlab ketib, zo‘rlamoqchi bo‘ldi

Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani Mang‘it qishlog‘i “Qovchin” mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro Sh.K. joriy yilning 28 avgustdan 29 avgustga o‘tar kechasi shu qishloqda istiqomat qiluvchi 2009 yilda tug‘ilgan qizni o‘g‘irlab ketadi. Bu haqda «Nasafnews» xabar bermoqda.

Qamashida 28 yoshli erkak 12 yoshli qizni yarim tunda o‘g‘irlab ketib, zo‘rlamoqchi bo‘ldi

 

 

12 yoshli qizcha o‘g‘irlab ketildi

 

Ma’lum bo‘lishicha, 1993-yilda tug‘ilgan erkak Sh.K. qizning o‘z hovlisi supasida uxlab yotgan vaqtda ko‘rpaga o‘rab, paxta dalasiga o‘g‘irlab qochgan.

 

Voqea haqida qizning onasi shunday deydi:

 

“Qizimning aytishicha, u erkak qizimni og‘zini yopib, ko‘rpaga o‘rab ko‘tarib ketgan. Qizim qo‘rqib uyg‘onib, “kimsan, nima uchun meni og‘zimni yopyapsan” deganda, “agar baqirsang, hozir pichoqlab o‘ldirib tashlayman” deb qo‘rqitgan. Yo‘lda qizim tipirchilab, qochmoqchi bo‘lgan. Shunda qizimga tarsaki tushirib, sudray boshlagan. Keyin esa “yechinasan” deb qizimning boshiga ham urgan.”

 

12 yoshli qizcha onasining so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘irlik qilgan erkak Sh.K. shu kuni juda ko‘p miqdorda spirtli ichimlik iste’mol qilgan bo‘lgan. Qizaloq paxta dalasidan qochib, uyiga qaytib kelib, onasini uyg‘otgan va bo‘lgan voqeani onasiga aytib bergan.

 

“Ertasi kuni qizimni shifokorlarga ko‘rsatdim. Ekspertiza natijalariga ko‘ra, qizim sog‘lom ekan. Faqat miya chayqalishi va boshi hamda qulog‘idan lat yegani va shikastlangani ma’lum bo‘ldi”. Ollohimga ming shukur, qizim o‘sha nomardning qo‘lidan qochib qutuldi. Lekin hozirgi ahvoli yaxshi emas. Ikki kundan beri ovqatlangani yo‘q. Non bersak yemaydi, “ko‘nglim ayniydi” deb aytyapti. Uxla desam, faqat yotadi. Uxlay olmaydi.”

 

“Men nega bu jinoyatni yashirishim kerak?”

 

“Hamma menga “qizingizni kelajagini o‘ylang” deyapti. Men nega yashirib o‘tirishim kerak? Erim har kuni yonimda. Hech qayerga ketgani yo‘q. Ammo boshqalarning turmush o‘rtog‘i Rossiyaga ishlagani ketgan. Toshkentga ketganlari bor. Oylikka ishlaydi, 15 kunda bir keladigani bor. Ertaga u nomard mendan o‘tib boshqalarning bolalariga ko‘z olaytirmaydimi? Men qanday qilib bu jinoyatni yopib, o‘tib ketishim kerak? Men bu holatni oshkor qilishim darkor. O‘zbekistonda shunday odam bor. Bilib qo‘yishsin. Men buni yopolmayman. Jazosini olishi shart, u erkak”, — deydi qizning onasi.

 

Jinoyat jazosiz qolmaydi

 

Mazkur holat yuzasidan Qashqadaryo viloyat Ichki ishlar boshqarmasining ma’lum bo‘lishicha, S.E.ning 2021 yil 29 avgust kuni tuman IIB boshlig‘i nomiga yozgan arizasi tuman IIB navbatchilik qismida belgilangan tartibda ro‘yxatga olinib, Qamashi tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan.

 

Tergovga qadar tekshiruv jarayonida fuqaro Sh.K.ning harakatlarida JK.ning 277-moddasi 1-qismida va boshqa moddalarida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari aniqlangani sababli, mazkur holat yuzasida Qamashi tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan yuqoridagi moddalar bilan fuqaro Sh.K.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishida gumon qilinuvchi Sh.K. JPK.ning 221-moddasi tartibida ushlangan.

 

Hozirda ushbu jinoyat ishi yuzasidan Qamashi tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

          Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qarshida 19 yashar yigit voyaga yetmagan qizni zo‘rlab kelgani hamda Jizzaxda uch erkak ko‘chadagi ayolni zo‘rlagani haqida xabar berilgandi.

 

 

Bahriniso Madumarova tayyorladi.

Qamashida 28 yoshli erkak 12 yoshli qizni yarim tunda o‘g‘irlab ketib, zo‘rlamoqchi bo‘ldi | Zamon.uz