Qorako‘l xalqaro matematika maktabining barcha o‘quvchilari uchinchi yil ham talaba bo‘ldi
2020/2021 o‘quv yilida Qorako‘l tuman Xalqaro matematika maktabini bitirgan 74 nafar o‘quvchilarning barchasi (100%) talab bo‘ldi.


Yakunlangan o‘quv yilida maktabni tamomlagan yigit-qizlarning 50 nafari Davlat granti asosida talaba bo‘lgan bo‘lsa, 24 nafari to‘lov-shartnoma asosida talabalikka tavsiya etildi.
Bugun tarixiy sana — Qorako‘l xalqaro matematika maktabi yangi binoda ish boshladi. Bunga javoban maktab o‘quvchilari ketma-ket uchinchi yildirki (2018-2019 o‘quv yilida 26 nafar, 2019-2020 yilda 48 nafar) 100 foizlik natija qayd etib, Prezidentimizning Uchinchi renessans bunyodkorlari yoshlar bo‘ladi, degan g‘oyalariga “labbay” deb javob berdi.
Shuningdek, Qorako‘l Akademik litseyining qariyb 99 % bitiruvchisi talaba bo‘ldi. 2020-2021 o‘quv yilida Buxoro Davlat universiteti Qorako‘l Akademik litseyini tamomlagan 220 nafar o‘quvchilaridan 217 nafari (98,6%) mamlakatimizning turli oliy taʼlim muassasalariga talabalikka tavsiya etildi.
Maʼlumot o‘rnida: Akademik litsey o‘quvchilarining 96 foizi 2019/2020 yilda ham talabalikka tavsiya qilingandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazm va Qoraqalpog‘istondagi 2 ta maktab bitiruvchilarining barchasi talaba bo‘lgani haqida xabar berilgandi.







