Jamiyat

Surxondaryodagi 6 ta mahalla suv toshqini xataridan holi bo‘ldi

2021 yilning iyul oyida Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) nomiga Surxondaryo viloyati Uzun tumani “Fayzobod” mahallasi va uning atrofidagi aholi punktlarida istiqomat qilayotgan fuqarolardan murojaat kelib tushdi.

Surxondaryodagi 6 ta mahalla suv toshqini xataridan holi bo‘ldi

Shunisi eʼtiborliki, Surxondaryo vohasi yog‘ingarchilik notekis taqsimlangan hudud hisoblanadi. Janubiy tumanlardagi tekisliklarga yomg‘ir-qor kam yog‘adi. Biroq, tog‘ yonbag‘irlari bo‘ylab ko‘tarilgach, yog‘in miqdori ikki barobar ortadi. Ayniqsa, Hisor tog‘larining janubiy yonbag‘irlari xatarli hudud hisoblanadi. Shu jihatdan Surxon daryosi o‘zanining o‘zgarishi ko‘plab aholi punktlarida istiqomat qilayotgan fuqarolar hayotini jiddiy xavf ostiga qo‘yadi. Shuni hisobga olgan holda, ushbu murojaat kelib tushishi bilanoq Ombudsman tomonidan alohida nazoratga olinib, muammoni imkon qadar tezroq hal qilish uchun idoralararo hamkorlik mexanizmlari ishga solindi.

Murojaatda bayon etilganidek, hududdan oqib o‘tadigan Surxon daryosi o‘zani 90 darajaga o‘zgarishi oqibatida 6 ta mahalla ahli suv toshqini xavfi ostida qolgan. Bundan xavotir olgan aholi ushbu murojaatni yo‘llagan. Ombudsmanning saʼyi-harakatlari bilan muammo to‘liq hal etildi. Jumladan, davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 3 milliard so‘m ajratilib, Surxon daryosining oqim yo‘nalishining 1,3 kilometrlik qismida o‘zanni to‘g‘irlash va qirg‘oqlarni mustahkamlash ishlari olib borildi.

Shu kunlarda Uzun tumanining yuqorida tilga olingan hududida istiqomat qilayotgan aholidan kelib tushgan tashakkurnomada fuqarolar muammoning o‘z vaqtida hal etilgani uchun mamlakatimiz rahbariyati va Ombudsmanga minnatdorchilik bildirdilar. Endilikda Fayzobod mahallasi ahli ham tinch mehnat qilib, xotirjam yashamoqda.

Avvalroq, Namangan viloyatiga sel kelib ko‘chalarni suv bosgani haqida xabar bergan edik.

Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) bilan hamkorlikda tayyorlandi.

Surxondaryodagi 6 ta mahalla suv toshqini xataridan holi bo‘ldi | Zamon.uz