Innovatsion platforma o‘qituvchilar malaka oshirishi uchun yangi imkoniyat
O‘qituvchilar malakasini oshirishning o‘zbekcha TDP@Scale modeliga start beriladi. Hozircha, ushbu yangi tartib Prezident taʼlim muassasalari agentligi o‘qituvchilari uchun joriy etilib, keyinrok, bu modelning O‘zbekistondagi barcha maktablar uchun tatbiq etilishi rejalashtirilgan.

Hozirda agentlik tizimidagi maktablar mazkur amaliyotning joriy etilishida lokomativ vazifasini bajaradi. Bu haqda bugun Prezident taʼlim muassasalari agentligi UNESCO hamda IDRC bilan hamkorlikda tashkil etilgan “O‘zbekistondagi o‘qituvchilar malakasini rivojlantirishga doir yondashuvlarini moslashtirish va ko‘lamini kengaytirish”ga qaratilgan loyihaning ochilish marosimida aytildi.
Ho‘sh, bu qanday tartibda amalga oshiriladi?
- Buning uchun, pedagog kadrlar Agentlik tomonidan ishga tushurilgan edu.piima.uz sayti orqali TDP@Scale platformasiga ulanishlari va bu yerda har bir fan doirasidagi modul kurslari mashg‘ulotlarida ishtirok etishlari kerak bo‘ladi, - deydi Prezident taʼlim muassasalari agentligi direktori Hilola Umarova.
- Modullardagi ishtiroki o‘qituvchining portfoliosida aks etib boradi. TDP@Scale platformasi orqali nafaqat pedagog kadrlar, balki rahbar xodimlar ham malaka oshirishlari mumkin bo‘lib, pedagoglar muayyan moduldan o‘tganlaridan keyin ularga Agentlik tomonidan sertifikat taqdim etiladi. TDP@Scale Prezident taʼlim muassasalari agentligi tomonidan UNESCO bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan bo‘lib, mazkur platformadan foydalanish mutlaqo tekin bo‘ladi.
Maʼlumot o‘rnida: TDP@Scale modeli O‘zbekistonda o‘qituvchilar malakasini oshirishga qaratilgan butunlay yangi yondashuvdir. Malaka oshirish kurslarining onlayn tarzda taqdim qilinishi o‘qituvchilarga qulaylik yaratadi va ularning doimiy tarzda sohadagi yangiliklardan xabardor bo‘lib borishga yordam beradi. Ushbu model yordamida o‘qituvchilar ish jarayonidan uzilmagan holda muntazam tartibda o‘z malakalarini oshirib borishlari mumkin bo‘ladi.
Bahriniso Madumarova







