Jamiyat

Qoraqalpog‘istondan Toshkentgacha bir haftalik sayohat. Faqat bu gal o‘zgacha tarzda — velosiped bilan

“...dovondan tushayotganimda velosiped qiyalikdan shitob bilan pastga yo‘naldi. Tormoz ishlamay qoldi, burilishdagi yo‘l to‘siniga urilishimga bir bahya qoldi.”

Qoraqalpog‘istondan Toshkentgacha bir haftalik sayohat. Faqat bu gal o‘zgacha tarzda — velosiped bilan

 

 

Ravshan Yaqshimuratov Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumani Tinchlik ovulida yashaydi. U Beruniy tumanidan Toshkent shahrigacha bo‘lgan yo‘lni shaxsiy velosipedida yolg‘iz o‘zi  bir hafta davomida bosib o‘tdi.

 

 

“Zamon.uz” muxbiri Ravshan Yaqshimuratov bilan ana shu haqda suhbatlashdi.

 

 Velosipedda sayyohat qilish sizning xobbingizmi? Bunga qiziqish sizda qachondan boshlangan?  

 

- Velosipedni bolaligimdan yaxshi ko‘raman. Bu men uchun qo‘shimcha mashg‘ulot. Asl mutaxassisligim — buxgalter-nazoratchi.

 

 Bu marafon qachon va qanday boshlandi?  

 

- Joriy yil avgust oyida Mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan "Qudratli O‘zbekistonning o‘tmishi va kelajagi buyuk" shiori ostida velomarafon o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqan edim. Bu taklifimni Turizm va sport vazirligi iliq qarshi oldi. 22 avgust kuni Beruniy tumani hududida joylashgan Fir qalʼasidan yo‘lga chiqdim. Velomarafon bir hafta davom etdi: 28 avgust kuni Toshkent shahriga kirib keldim.

 

 Marafondan ko‘zlangan asl maqsad-muddaongiz nima edi?

 

 

- Beruniy-Samarqand-Toshkent yo‘nalishidagi velomarafondan ko‘zlangan asl maqsad — buyuk siymolarga ehtirom ko‘rsatish, boy tariximizni targ‘ib etish, salomatlikni tiklashga eʼtibor qaratish, yangi O‘zbekistonni bunyod qilishda yoshlarga motivatsiya berish, yangi avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga hissa qo‘shishdan iborat.

 

 Velosiped bilan sayohat sizda qanday taassurot qoldirdi?

 

- Samarqandga kelib dastlab bu qadimiy shaharning Afrosiyob qalʼasi qoldiqlari va  Birinchi Prezidentimizning qabrini ziyorat qildim. Jizzax dovonida Xudo asradi. Velosipedda davlatimiz bayrog‘ini o‘zim bilan birga olgan edim. U mening bir falokatdan omon qolishimga sababchi bo‘ldi. Dovondan tushayotganimda velosiped shitob bilan pastga otildi. Tormoz ishlamay qoldi. Burilishdagi yo‘l to‘siniga urilib, jarga qulab tushishimga bir bahya qoldi. Allohga ming qatla shukr bayroq yon tomondagi to‘singa qadalib velosipedni to‘xtatishiga sabab bo‘ldi. Qarang, Alloh meni omon qolishimga bayrog‘imizni sababchi qilib qo‘ydi. Men buni hech qachon unuta olmasam kerak.

 

Yo‘lga chiqqan kunimdan boshlab tanti va mehmondo‘st xalqimiz meni olqishlab, qo‘llab-quvvatlab turdi. Tunda uyidan joy berdi. Xorazm va Buxoro cho‘llarini bosib o‘tishda yo‘l yoqasida chodir tikib tong ottirdim. Yo‘l-yo‘lakay yurtimiz tabiati, odamlari, bog‘-rog‘lari bilan yaqindan  tanishdim. Taassurotlarim bir olam. Bir kitobga sig‘masa keragov (kuladi).

 

Eng muhimi, ming kilometrdan ortiq yo‘l yursam ham velosipedim pand bermadi.

 

Toshkentga yetib kelganingizda sizni qanday kutib olishdi? 

 

 

- Toshkent shahriga kirib kelishim bilan meni Turizm va sport vazirligi masʼul xodimlari kutib oldi. Poytaxtimizning diqqatga sazovor joylarini sayr qildik. Meni Bosh vaziri o‘rinbosari - turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov qabul qildi. Uchrashuvda vazir men boshlagan tashabbus ichki turizmni rivojlantirishda muhim o‘rin tutishini alohida taʼkidladi. Mustaqillik bayrami bilan tabriklab, menga yangi va zamonaviy velosiped sovg‘a qildi.

 

 Kelajakda yana qanday  rejalaringiz bor?

 

- Turizm va sport vaziri bilan bo‘lgan uchrashuvda Toshkent-Ashxabod-Dushanbe-Bishkek–Nur-Sulton yo‘nalishi bo‘yicha “Do‘stlik” velomarafoni tashkil qilish niyatim borligini maʼlum qildim. Bu velamarafon orqali Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlari — o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman va tojik xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini yana-da mustahkamlashga o‘z hissamni qo‘shmoqchi ekanimni aytganimda vazir menga o‘z vakolati doirasida yordam berishga tayyorligi va qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

 

 

Maftuna Rejabboyeva suhbatlashdi.

Qoraqalpog‘istondan Toshkentgacha bir haftalik sayohat. Faqat bu gal o‘zgacha tarzda — velosiped bilan | Zamon.uz