11 nafar nevaraning buvisi 58 yoshda talaba bo‘ldi
Qarshi davlat universiteti psixologiya fakultetiga hujjat topshirgan Nishon tumani “Kimyogar” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Gulsum Xurramova 75 ball to‘plab, 58 yoshida talaba bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda, u ilm olishning erta kechi yo‘qligini isbotladi.


Gulsum Xurramova:
- Shu vaqtgacha biror marta oliy taʼlimga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirmaganman. 24 yil mahalla fuqarolar yig‘iniga raislik qildim. Mahalla ahliga yelkadosh bo‘ldim. Ular ig‘lasa yig‘ladim, kulsa kuldim. Odamlar dardi bilan yashadim.
Sizda nima sababdan shuncha yil o‘tib endi talaba bo‘lish ishtiyoqi paydo bo‘ldi?
- Mahalla fuqarolik yig‘ini raisligiga bo‘lib o‘tgan avvalgi saylovlarda oliy maʼlumot talab qilinmagan edi. Keyingilariga mahalla raislari oliy maʼlumotli bo‘lish kerak, degan talab qo‘yildi. Shunda viloyat hokimi va prokuror men haqimda “Tashabbuskor, fidoyi inson, uning mahallasidan jinoyatchi chiqmagan, tinib-tinchimaydi, vaʼda bersa, albatta, ustidan chiqadi” deb yana rais sifatida saylanishimga yordam bergan. Ana shu ishonchni oqlash uchun oliy maʼlumotli bo‘lishga qaror qildim.
58 yoshli ayolning imtihon topshirish jarayoni qanday kechdi?
- Albatta juda hayajonlandim. Ertalab imtihon topshirgani ketayotganimda turmush o‘rtog‘im chin yurakdan duo qildi. Bu menga ishonch, kuch-quvvat bag‘ishladi.
O‘qishga kirganingiz haqida xabar kelganida o‘zingizni qanday his qildingiz?
- Mandat chiqishini qarindoshlarim, oilam bilan intiq bo‘lib kutdik. O‘qishga qabul qilinganim haqidagi xushbabar kelganida xonadonimizda katta bayram bo‘lib ketdi. Hamma kelib tabrikladi. Juda sevindik.
Ko‘pyillik faoliyatingiz inobatga olinib imtiyozlar berildimi?
- Menga o‘qishga kirishim uchun Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tavsiya berdi. Shu bilan birga tuman hokimligi ham qo‘llab-quvvatlab turdi. Lekin men kirish uchun yetarli bal to‘plaganim sababli imtiyozlarga ehtiyoj qolmadi.
Men Vatanim uchun bundan keyin ham bor kuch-g‘ayratimni ayamayman. Hozirda 11 nevaraning buvisiman. Katta oilam bor. Lekin o‘qish uchun har qanday sharoitda ham vaqt topayapman. Menga ishonch bildirganlarning yuzini yerga qaratmayman.
Gulsum Xurramova yaqinda “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi. U bundan avval O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qashqadaryo viloyat Kengashi eʼlon qilgan «Eng namunali mahalla raisi» ko‘rik-tanlovida viloyat bo‘yicha 3 –o‘ringa munosib topilgan edi.
Munojat Valiyeva suhbatlashdi.







