Jamiyat

Prezidentlikka daʼvogar shaxs nomzodlik guvohnomasini esdalikka olib qo‘yishi mumkinmi?

Prezident saylovi muhim siyosiy jarayon. Saylovlarda insonlarning fikrlari xilma-xilligi, orzu-umidlari namoyon bo‘ladi. Demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyatini ochiq hamda adolatli saylovlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. O‘zbekistonda demokratik talablar va umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarga javob beradigan, fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirish kafolatlarini taʼminlaydigan milliy saylov tizimi yaratilgan.

Prezidentlikka daʼvogar shaxs nomzodlik guvohnomasini esdalikka olib qo‘yishi mumkinmi?

 

 

 

Bugun, 11-sentabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Majlisni Komissiya Raisi Z.Nizamxodjayev olib bordi.

 

Komissiya aʼzolari dastlab O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodlarni ro‘yxatga olish masalalarini ko‘rib chiqishdi.

 

Maʼlum qilinishicha, joriy yilning 8-sentabr kuni Markaziy saylov komissiyasiga O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va O‘zbekiston Ekologik partiyasi tegishli hujjatlar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalarini taqdim etilgan. Saylov kodeksining 39-moddasiga binoan, siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligi Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan tuzilgan Ekspertlar guruhi tomonidan tekshirilgan.

 

 

Majlisda xar ikkala partiya tomonidan taqdim etilgan hujjatlar, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalari qonun talablariga mosligi inobatga olinib, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Qodirov Alisher Keldiyevich hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasidan Oblomuradov Narzullo Naimovich O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar etib ro‘yxatga olindi.

 

Maʼlumot o‘rnida: markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan yana 6 ta mahalliy ommaviy axborot vositasining jami 32 nafar vakili akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Endilikda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari jami 907 nafarni tashkil etmoqda.

 

Majlisda shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning guvohnomasi tavsifi va namunasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning guvohnomasi 125x90 millimetr o‘lchamdagi to‘q yashil rangli qattiq charm muqovali kitobcha ko‘rinishiga ega bo‘ladi.

 

Tadbir davomida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javob qaytarildi. Xususan:

 

— O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning guvohnoma saylovdan so‘ng uning o‘zida qoladimi? Uni esdalik sifatida olib qo‘yish mumkinmi?

 

 

— Bu guvohnomani amal qilish muddati bor. Yaʼni bu saylov natijalari rasman eʼlon qilingunga qadar o‘z kuchida bo‘ladi. Undan so‘ng amal qilish muddati tugaydi.  Bizning qonunlarimizda buni qaytarib olish degan narsa yo‘q.

 

— Akkredatsiyadan o‘tgan OAV xodimi faqatgina o‘zining hududidagi saylov okrugidagi jarayonlarni yoritadimi yoki respublika bo‘ylab kuzatish imkoni ham bormi?

 

 

 

— Jurnalistlar nafaqat o‘zi yashayotgan hududidagi, balki respublikadagi boshqa okruglardagi jarayonlarni ham bevosita yoritish huquqiga ega. Faqatgina jurnalistga og‘irlik qilmasa, charchab qolmasa bo‘lgani.

 

 

Bahriniso Madumarova

Prezidentlikka daʼvogar shaxs nomzodlik guvohnomasini esdalikka olib qo‘yishi mumkinmi? | Zamon.uz