Jamiyat

Sherzod Shermatov o‘quvchilari polda dars qilayotgan maktab bo‘yicha izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryodagi maktabda bolalar parta yo‘qligi uchun polda dars qilayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Sherzod Shermatov o‘quvchilari polda dars qilayotgan maktab bo‘yicha izoh berdi

Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov ushbu holatga o‘z munosabatini bildirdi.

"Kimdir jismonan imkoniyati cheklangan bo‘lsada davlatimiz obro‘sini dunyoga ko‘taryapti, kimdir to‘rt muchasi sog‘ bo‘lib, o‘zaro shaxsiy kelishmovchiligi sabab mamlakatimiz obro‘sini to‘kishga harakat qilayapti",- deyiladi vazir izohida.

Shermatov ijtimoiy tarmoqlarda tarqab ketgan videodagi maktabga shaxsan o‘zi borganini aytadi:

-"Eng alam qiladigani, ushbu maktabga o‘tgan yili o‘zim borib, xarob ahvolda bo‘lganiga taʼmirlash dasturiga qo‘shtirgandik. Natijada, 3 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilib, maktab bu yil taʼmirlanayotgan edi.

Afsuski, dastlabki surishtiruvga ko‘ra, maktabning ayrim o‘zaro qarindosh bo‘lgan o‘qituvchilari va direktor orasidagi kelishmovchiliklar sababli, bolalarni polga o‘tkazib, rasmini turli ijtimoiy tarmoqlarda va OAVlarda tarqatishmoqda. Aslida, katta miqdordagi taʼmirlash ishi oxirigacha to‘liq tugab ulgurmaganiga, maktab ochilmasligi, bolalar vaqtincha boshqa maktabda yoki masofadan o‘qib turishi rejalashtirilishi kerak edi. Shuning uchun ham maktabda yangi mebellar vaqtincha o‘rnatilmagan. Agar juda shoshilinch bo‘lib taʼmirdan chiqqan joyida o‘qishni tashkil etish juda zarur bo‘lsa o‘tgan yilgi mebelni vaqtincha ishlatib tursa ham bo‘lar edi. Maktabda o‘quvchi soni quvvatidan oshiq emas, shunga bir smenada o‘qishni tashkil etish uchun joy yetarli.

Shu orqali yarim asr davomida taʼmirlanmagan maktab taʼmirlanayotganiga Yakkabog‘dan o‘ziga xos minnatdorchilik bildirishibdi...

Endi buyog‘iga prokuratura organlari holatni to‘liq o‘rganib, tegishli javobgarlik choralarini ko‘rishadi deb umid qilamiz".

Avvalroq, Buxoro viloyati Kogon shahridagi 5-umumtaʼlim maktabining 1-sinfiga qabul qilingan o‘quvchilarga "Prezident sovg‘asi" to‘liq holda topshirilmagani haqida xabar bergan edik.

Sherzod Shermatov o‘quvchilari polda dars qilayotgan maktab bo‘yicha izoh berdi | Zamon.uz