“O‘zbekistonning 100 buyuk durdona qo‘lyozmalarini aniqlash qiyin bo‘ldi”
Avval xabar berganimizdek, O‘zbekistonda "Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida" xalqaro madaniy forumi va Madaniy meros haftaligi ochilish marosimi bo‘lib o‘tmoqda.


Haftalik doirasida mamlakatimiz sanʼatining noyob durdonalarini butun dunyoga namoyish etish maqsadida o‘ndan ortiq ko‘rgazmalar ham o‘tkazilmoqda.
Xususan, arxeolog, O‘rta Osiyo madaniyati tadqiqotchisi Leon Barshevskiyning "O‘zbekiston tarixi fotosuratlarda", "Markaziy Osiyo kartografiyasi: fan va geosiyosat o‘rtasida" fotoko‘rgazmalari, "O‘zbekistonning 100 buyuk durdona qo‘lyozmalari" nomli fotoko‘rgazma tadbir ishtirokchilari tomonidan iliq kutib olindi.
— “O‘zbekistonga oid 100 nodir qo‘lyozma” loyihasi bo‘yicha bundan ikki yil avval ish boshlangan, — filologiya fanlari doktori Aftondil Erkinov.
— Aslida, dunyo bo‘yicha O‘zbekistonning nodir qo‘lyozmalari juda ko‘p bo‘lgani bois, ular orasida asosiy 100 tasini aniqlash qiyin kechdi. Bular orasida noyobligi, qadimiyligi, ichida miniaturalari hamda ilm-fan uchun muhimligidan kelib chiqqan holda o‘rgandik. Chunki hamma qo‘lyozmada ham miniatura bo‘lavermaydi. Men mutaxassis sifatida ko‘proq uning mazmuniga, taʼsir doirasiga eʼtibor qaratdim. Agar qo‘lyozmalar uning muallifi tirikligi paytida ko‘chirilgan bo‘lsa shunchalik yaxshi bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan 100 ta qo‘lyozma tanlab olindi.
Tadbir doirasida, shuningdek, Rishton kulolchilik buyumlari ko‘rgazmasi, Shahrisabz va Samarqand yodgorliklariga virtual sayohat "Zamonaviy ilm-fanda 3D-texnologiyasi", videoart ko‘rgazmasi, J.Usmonovning "Alisher Navoiy sheʼriyati" suratlar ko‘rgazmasi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy bankining numizmatik to‘plami ko‘rgazmasi va boshqa ko‘plab tadbirlar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Munojat Valiyeva,
Bahriniso Madumarova







