Amalga oshmagan parvozlar: xususiy aviakassalarga ishonch yo‘qmi?
Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida yashovchi D.Nazarov “Aviaturizm” MCHJga qarashli aviakassadan Qarshi – Krasnoyarsk yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta xarid qilgandi. Biroq unga ro‘yxatga olish ishlari vaqtida aviachiptada texnik xatoga yo‘l qo‘yilgani sabab uchib ketolmasligi aytiladi. Shundan so‘ng u chipta pulini qaytarib berishi, yoki almashtirib berishini so‘rab, bir necha marotaba aviakassaga eshigini qoqqan. Afsuski, uning murojaatlari javobsiz qoldirilgan.


Chorasiz qolgan D.Nazarov O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga murojaat qilishga majbur bo‘ladi.
Mazkur holat O‘zbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Qarshi shahar jamiyati tomonidan o‘rganildi. Natijada chipta uchun to‘langan 3.415.000 so‘m mablag‘ egasiga qaytarib berilgan.
Ana shunday holatlardan yana biri Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida yashovchi M.Bo‘riyev bilan ham sodir bo‘ldi. U ham tuman markazida joylashgan aviakassadan Termez – Sankt Peterburg aviayo‘nalishi bo‘yicha 2.150.000 so‘mlik aviachipta sotib olgandi. Ammo uchish sanasi karantin kuchaygan paytga to‘g‘ri kelgani bois parvoz amalga oshmaydi. Bu holatda aviachipta uchun to‘langan pullarni qaytarib olish esa, fuqaro uchun murakkab jarayonga aylanadi. Soha xodimlari mazkur holatni o‘rganishi natijasida chipta uchun to‘langan mablag‘ egasiga qaytarib berildi.
M.Nurmamatova ham O‘zbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga murojaat qilgan. Uning yozishicha, Qarshi shahridagi “Farhod” savdo majmuasidan 790 ming so‘mlik suv nasosini sotib olgan. Buni qarangki, nasos sifatsiz bo‘lib chiqadi. Natijada bir necha marotaba sotuvchiga vaziyatni tushuntirgan bo‘lsa-da, hech qanday o‘zgarish bo‘lmaydi. Holat o‘rganilib, nasos yangisiga almashtirib berildi.
Qarshilik fuqaro G‘.Javharovning ham xuddi shu savdo majmuasidan sotib olgan apparati nosoz chiqqan. U ham bu borada ko‘p marta murojaat qiladi. Achinarlisi, bu vaziyatda ham hech qanday o‘zgarish bo‘lmaydi. Ushbu holat ham soha xodimlari tomonidan o‘rganilgach, pullar egasiga qaytarib berildi.







