O‘zbekiston madaniy merosi — Uchinchi Renessans poydevori
Bugun Yangi O‘zbekiston tarixi zarvaraqlariga bitilayotgan bir jumla — “Uchinchi Renessans” tagzamirida ulug‘ bir ezgulikni, buyuk bir kuchni anglash mumkin. Zero, renessans — uyg‘onish demakdir. Yaʼni ilmiy uyg‘onish, maʼrifatni anglash va, shu asnoda, asrlarga teng yillarni lahzalarda bosib o‘tmoq demakdir. Bugun biz ana shunday qutlug‘ davrda Uchinchi Renessansga poydevor qo‘yiladigan zamonda yashayapmiz.

Poytaxtimizda o‘tkazilgan "Markaziy Osiyo dunyo sivilizatsiyalari chorrahasida" Xalqaro madaniyat forumi doirasida O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining "O‘zbekiston madaniy merosi — Yangi Renessans poydevori" V Kongressi tom maʼnoda ilmiy kuchlarni birlashtirishga qaratilgan noyob tashabbus bo‘ldi. Ushbu tadbir chin maʼnoda maʼnaviyat, madaniyat va maʼrifat ixlosmandlarini bir manzilda jam etdi.
Ezgu amallar ro‘yobi
O‘zbekiston uch ming yillik ulug‘vor va muhtasham tarixga ega. Yurtimizda jahonshumul sivilizatsiyalar, yirik imperiyalar, havas qilsa arzigulik shaharlar va bebaho meʼmoriy obidalar vujudga kelgan hamda yaratilgan. Ayniqsa, buyuk ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan tengsiz madaniy meros insoniyat tarixida o‘chmas iz qoldirgan. Ana shunday ulug‘vor va boy madaniy merosni asrab-avaylash, o‘rganish va uni ommalashtirish bo‘yicha so‘nggi 5 yil ichida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan keng ko‘lmli ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida ilgari surgan bir qator tashabbuslari ichida xalqimiz madaniyati va tarixini ommalashtirishga qaratilgan madaniy forum o‘tkazish taklifi xalqaro hamjamiyat, xususan, YUNESKO tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Prezidentning mazkur tashabbusi asosida joriy yilning 15 sentyab kuni Xiva shahrida “Markaziy Osiyo sivilizatsiyalar chorrahasida” madaniy forumi bo‘lib o‘tadi. Ushbu yirik xalqaro anjumanga mamlakatimiz hukumati puxta tayyorgarlik ko‘rdi. Ushbu madaniy forum doirasida Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining tashkiliy va moliyaviy ko‘magida O‘zbekiston Madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining V Kongresi bo‘lib o‘tdi.
Kongress ishida 40 ta mamlakatdan 250 nafardan ziyod sharqshunos, tarixchi, arxeolog, sanʼatshunos olimlar, ixtisoslashtirilgan ilmiy muassasalar mutaxassislari, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Ular ichida 9 nafar akademik, 63 nafar fan doktori, 66 nafar professor, 28 nafar dotsent, 28 nafar fan nomzodi hamda 40 nafar muzeylar, kutubxonalar, ilmiy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi. Anjumanda 100 ga yaqin maʼruzalar tinglandi. O‘zbekiston Madaniy merosini tadqiq qilishga qaratilgan bunday keng ko‘lamdagi maʼruzalar mamlakatimiz ilmiy va ijtimoiy hayotida yorqin voqea bo‘ldi.
Biz bilgan va bilmagan madaniy meros
Kongress doirasida "O‘zbekistonning 300 buyuk durdona qo‘lyozmalari" nomli fotoko‘rgazma, Rishton kulolchilik buyumlari ko‘rgazmasi, Shahrisabz va Samarqand yodgorliklariga virtual sayohat "Zamonaviy ilm-fanda 3D-texnologiyasi" videoart ko‘rgazmasi, J.Usmonovning "Alisher Navoiy sheʼriyati" suratlar ko‘rgazmasi, arxeolog, O‘rta Osiyo madaniyati tadqiqotchisi Leon Semyonovich Barshevskiyning "O‘zbekiston tarixi — fotosuratlarda", "Markaziy Osiyo kartografiyasi: fan va geosiyosat o‘rtasida" fotoko‘rgazmalari, O‘zbekiston Respublikasi Milliy bankining numizmatik to‘plami ko‘rgazmasi va boshqa ko‘plab tadbirlar bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, buyuk hukumdor va alloma Mirzo Ulug‘bekning “Harakatsiz yulduzlar kitobi”ning faksimele nashrini taqdimoti Kongressda misli ko‘rilmagan voqea bo‘ldi. Avstriyanig “Mueller&Shindler” nashriyot uyi va O‘zbekiston Madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjaxon jamiyati tomonidan tayyorlangan bu noyob kitob mamlakat olimlari va jamoatchiligi hayratiga sabab bo‘ldi. Bu qo‘lyozma Fransiya Milliy kutubxonasida saqlanadi. Bu ulug‘vor qadimiy qo‘lyozmalarimizning yettinchi faksimele nashri hisoblanadi.
Kongressda asosiy voqealaridan yana biri “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” kitob albomining 50 tomi taqdimotidir. Bundan tashqari yangi 6 ta albom nashr etildi. Ulari orasida to‘rtta O‘zbekiston sanʼat durdonalari, bittadan Rishton kulolchiligiga bag‘ishlangan illyustratsiyali va Kamoliddin Behzod miniatyuralarini o‘z ichiga qamrab olgan albom bor.
Kongressning eng muhim va yorqin voqeasi
O‘zbekiston madaniyat merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati aʼzolari “O‘zbekiston madaniy merosi — Yangi Renessans poydvori” V kongressida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga murojaat qabul qildi.
Murojaatda, biz, dunyoning turli mamlakatlari – Yevropa, Osiyo va Amerikadan kelgan mutaxassislar, Sizning madaniy merosni asrash borasidagi noyob tashabbuslaringizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. O‘zbekistonning madaniy merosini o‘rganish sohasida ish olib borar ekanmiz, har birimiz O‘zbekiston hududida bronza davridan boshlab, qadim zamonlardan buyon rivojlanib kelgan eng boy madaniyatning qadr-qimmatiga ishonamiz. Bu mamlakatning eng boy maʼnaviy va moddiy merosi jahon sivilizatsiyasi uchun abadiy qadriyatdir.O‘zbekistonda Uchinchi Renessans uchun sharoit yaratish uchun qaratilgan milliy g‘oya, avvalo, puxta o‘ylangan madaniy siyosatga asoslangani chuqur hurmatga loyiq. Aynan madaniyat mamlakatning tiklanishiga, jamiyat maʼnaviyatining yuksalishiga, odamlarning, ayniqsa, yosh avlodning vatanparvarlik ruxida tarbiyalashga asos bo‘ladi. O‘zbekistonda milliy madaniyat sohasida tizimli islohotlar tufayli qadimiy yodgorliklarni keng miqyosda tiklash va o‘rganish ishlari olib borilmoqda, ilmiy va maʼrifiy ishlar yangi kuch olmoqda, xalq ijodiyoti hamda nomoddiy merosni asrab-avaylash davlat darajasida qullab-quvvatlanmoqda, deb alohida taʼkidlanadi.
Butunjahon jamiyatning IV Kongresida keyingi 5 yillikka mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” qabul qilingan edi. Ushbu hujjatda 100 dan ziyod loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Xususan, Butunjahon jamiyati aʼzolari istiqboldagi bir yil ichida Xanenko nomidagi Ukraina muzeyi, Rossiyaning davlat Ermitaji, Vengriyaning muzey va kutubxonalari, Xitoyning ilmiy tashkilotlar to‘plamlari, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa bir qator mamlakatlarning ilmiy va shaxsiy kolleksiyalarida saqlanayotgan madaniy yodgorliklarimizni “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” kitob albomlarinig navbatdagi tomlarida nashr qilish rejalashtirildi. Bundan tashqari Buxoro va Termiz shaharlari muzeylarida saqlanayotgan Madaniy merosimiz ham alohida kitob albom shaklida chop etiladi. “Eng qadimgi davrlardan XX asrgacha markaziy Osiyo Kartografiyasi” nomli va boshqa bir qator loyihalar ham muhokama qilinib, amaliy ishga kirishildi.
Mehmonlarga esdalik sovg‘alar tuhfa etildi
Kongress yakunida Butunjahon jaimiyati aʼzolari va loyihalarda faol ishtirok etgan xorijiy va mahalliy olimlar “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” kitob-albomlarining 50 tomi bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston Hukumati qo‘llab-quvvatlagan V kongress O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati va O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tomonidan tashkillashtirildi, YUNESKO, Turizm va sport vazirligi, Madaniyat vazirligi ko‘magida o‘tkazildi.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki “O‘zbekiston madaniy merosini jahon to‘plamlarida” loyihasi va kongresslarni tashkil etishda loyiha ishga tushgan birinchi kunlardanoq “Eriell Group” neft servis homiy va hamkor sifatida faol qatnashib kelmoqda. Mazkur tashkilot yordami bilan ko‘plab olimlar va jurnalistlardan iborat ilmiy-ijodiy guruhlar 100 dan ziyod ishchi safarlarida bo‘ldi, bir qator yirik xalqaro medi iventlar va boshqa o‘nlab tadbirlar tashkil etildi.







