Jamiyat

Toshkentdagi ko‘rgazmada Fransiyalik talabalar o‘z kulolchilik mahsulotlarini namoyish qildi

So‘nggi yillarda mamlakatimizda qadimiy va boy tariximiz, milliy o‘zligimiz, betakror qadriyatlarimiz timsoli bo‘lgan xalq amaliy sanʼatini rivojlantirish, hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda O‘zbekistonning bu boradagi ulkan salohiyatini dunyoga keng namoyon etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Toshkentdagi ko‘rgazmada Fransiyalik talabalar o‘z kulolchilik mahsulotlarini namoyish qildi

 

 

Shu yilning 15 sentyabr kuni O‘zbekiston amaliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyida Respublika “Hunarmand” uyushmasi, O‘zbekiston amaliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi, Ӯzbekistonning Fransiyadagi elchixonasi, Fransiyaning A.S.I.E xalqaro jamg‘armasi bilan hamkorlikda “Ustoz-shogird: O‘zbekiston hunarmandchilik maktablari dunyo miqyosida!” nomli ko‘rgazma tashkil etildi.

 

 

 Ӯzbekistonning Fransiyadagi elchixonasi, Respublika “Hunarmand” uyushmasi Fransiyaning A.S.I.E xalqaro jamg‘armasi bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan loyiha dasturi bӯyicha Fransiya Oliy hunarmarmandchilik maktabida kulolchilik ixtisosligi bӯyicha taʼlim olayotgan talabalar Elodi Dyuvin va Alis Janel ko‘rgazmada o‘z mahsulotlari bilan qatnashdi.

 

Ko‘rgazmada, shuningdek, G‘ijduvon kulolchilik maktabi davomchisi Abdullo Narzullayev, Urgut kulolchiligi davomchisi Noʻmon Obloqulov, Xorazm kulolchiligi davomchisi Odilbek Matchonov ishlaridan namunalar namoyish qilindi.

 

 

Fransiyalik talabalar g‘ijduvonlik usta kulol Abdullo Narzullayevning kulolchilik muzeyi majmuasida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazdi. Buxoro miniatyura maktabida qadimgi qog‘oz ishlab chiqarish texnologiyalari va miniatyura sanʼati bo‘yicha ham mahorat-darslari bo‘lib o‘tdi. Bu yerda ular nafaqat kulolchilik, balki anʼanaviy kashtachilik hamda gilam to‘qimachiligi bo‘yicha ham o‘z mahoratlarini sinab ko‘rdi.

 

 

Fransiyalik talabalarning ushbu loyiha doirasida ikki oy mobaynida Urgut va Xorazm kulolchilik maktabi anʼanalarini ham o‘rganishi ko‘zda tutilgan.

 

 

Munojat Valiyeva

Toshkentdagi ko‘rgazmada Fransiyalik talabalar o‘z kulolchilik mahsulotlarini namoyish qildi | Zamon.uz