Kattaqo‘rg‘on DSI boshlig‘i o‘rinbosarining o‘limi bo‘yicha jinoyat ishi sudga oshirildi
Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tumani IIB YHXB xodimlarining faoliyati jarayonida tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosarining o‘limi yuz berganligi bilan bog‘liq jinoyat ishi sudga yuborildi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot kotibi maʼlum qildi.


Aniqlanishicha, joriy yilning 10 iyun kuni tungi soat 00:50 larda Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari A.A. “Cobalt” rusumli avtotransportda svetoforning qizil chirog‘idan to‘xtamay, xodimlarning to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan, avtotransportda yuqori tezlikda harakatlanib yashirinmoqchi bo‘lgan.
Hududdagi 4R-243 avtomobil yo‘lining 7 kilometriga yetganida “Cobalt” yo‘l qatnov qismining o‘rtasida to‘xtab, haydovchi avtotransportni tashlab, piyoda qochishga uringan.
Huquqbuzar xodimlar tomonidan ushlanib, o‘ta mast holatda bo‘lganligi gumon qilinib, tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun taklif qilinganida Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari A.A. ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan faol qarshilik ko‘rsata boshlagan.
Shu vaqt oralig‘ida tibbiy ko‘rikka olib borish uchun transport vositasiga o‘tkazilgan fuqaro A.A.ning sog‘lig‘i yomonlashgani bois voqea joyiga tez tibbiy yordam xizmati chaqirtirilgan. Ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay fuqaro A.A. voqea joyida vafot etadi.
Kattaqo‘rg‘on tumani IIB YHXB xodimlarining faoliyati jarayonida tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosarining o‘limi yuz bergan. Holat yuzasidan JKning 206-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Bahriniso Madumarova







