Jamiyat

«Men shahrimni sevaman!» – O‘zbekistonda Yevropa harakatlanish haftasi-2021 start oldi

Bugun, 16 sentyabr kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi bog‘da «Men shahrimni sevaman: shaharda barqaror harakatlanish ijodkorlar nigohida» nomli ko‘rgazmaning ochilishi bo‘lib o‘tdi. U mamlakatimiz bo‘ylab start berilgan Yevropada harakatlanish haftaligi doirasida tashkil etildi.

«Men shahrimni sevaman!» – O‘zbekistonda Yevropa harakatlanish haftasi-2021 start oldi

 

 

Qayd etish kerakki, YEHH yurtimizda uchinchi bor tashkil etilmoqda. «O‘z shahringizni seving! Barqaror harakatlaning Sog‘lom bo‘ling!» shiori ostida bir qator tadbirlarni o‘zida mujassam etadi.

 

Facebook va Instagramda #Menshahrimnisevaman chellenji start olishi, Tashkent Runners yugurish ishqivozlari klubi Toshkentdagi kanallar yonida «Harakatchanlik aksiyasi» kabi tadbirlari shular jumlasidandir. 

 

 

Ko‘rgazmada ishtirok etgan mehmonlar haftalik doirasida aholini atfosfera tozaligi uchun avtotransport vositalaridan voz kechishga chaqirdi.

 

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Elchisi Sharlotta Adrian xonim

 

- «Shubhasiz, haftalik har bir shaharning yana-da yashilroq bo‘lishiga va ko‘kalamzorlashtirilishiga hissa qo‘shadi. Loyihaning asosiy maqsadi hayotimizni ham sog‘lomlashtirishdan iboratdir. Bu yil YeHH doirasida 50ga yaqin mamlakat 700 dan ortiq tadbirlarni o‘tkazishni rejalashtirgan. O‘zbekistonda tashkil etilayotgan tadbirlarda mutasaddi tashkilotlar vakillari, havaskorlar, ijodkorlar ishtirok etayotganidan xursandmiz».

 

“Toshshahartransxizmat” AJ Boshqaruvi raisi Anvar Jo‘rayev

 

- «Shaharda barqaror harakatlanish faoliyatimizning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Yevropa Ittifoqi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Yevropa harakatlanish haftasi kabi aksiyalar orqali fuqarolar O‘zbekiston shaharlari yashash uchun yana-da qulay bo‘lishini xohlayotganlarini ko‘ryapmiz. Shu asnoda istiqbolga nazar tashlab, odamlar umidlarini oqlash uchun bor imkoniyatlarimizni ishga solyapmiz. Shu bilan birga biz Toshkent aholisini bo‘lajak Harakatlanish haftasi davomida o‘z shaxsiy avtotransport vositalarini bir haftaga velosiped, samokat va boshqa muqobil transport vositalariga almashtirib turishlarini so‘raymiz».

 

Qayd etish kerakki, Yevropa harakatlanish haftasi shaharda barqaror harakatlanish bo‘yicha Yevropa komissiyasining tashabbusi bilan 2002 yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda. Loyiha barcha shahar va qishloqlarni aksiyaga qo‘shib, bir haftani barqaror harakatlanishga bag‘ishlashga daʼvat etadi. Joriy yili YeHH — 2021da dunyo bo‘ylab 2290 shahar (45 mamlakat) ishtirok etadi. Shuningdek, bu yil YeHH global kampaniyasi o‘zining 20 yillik yubileyini nishonlaydi.  

 

Eslatib o‘tamiz, haftalik 22 sentyabrga qadar bo‘lib o‘tadi.

 

 

Munojat Valiyeva

«Men shahrimni sevaman!» – O‘zbekistonda Yevropa harakatlanish haftasi-2021 start oldi | Zamon.uz