“O‘zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi boshchiligidagi ishchi guruh Ustyurtda uglevodorodlar qazib chiqarish borasidagi ishlar holatini o‘rgandi
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi ishchi guruh aʼzolari Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi tizim tashkilotlari faoliyati hamda belgilangan rejalarning bajarilishi holatini o‘rganmoqda.


“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasining aholisi va iqtisodiyot tarmoqlarining neft va gaz mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirishni taʼminlash maqsadida, uglevodorod xomashyosini qazib chiqarishni oshirish borasida bir qator qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, tabiiy gaz qazib chiqarish maqsadida yangi kon va yangi quduqlar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Boshqaruv raisi “Quyi Sharqiy Berdaq” 2-sonli qudug‘ida bo‘lib, burg‘ilash ishlarining amalga oshirilishi bilan tanishib chiqdi.
Avvalo burg‘ilash jarayonida ishtirok etayotgan barcha ishchi-xodimlarga yetarli sharoit yaratilganligi hamda ularning kuz fasliga mo‘ljallangan maxsus kiyimlar bilan, yotoqxona bilan to‘la taʼminlanganlik holatini o‘rgandi.

Bu borada Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi rahbari Olim Orinbayevga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, “Quyi Surgil” konidagi 6-, 11-, 21-, 22-sonli quduqlarda ham bo‘lib, burg‘ilash ishlari hamda tabiiy gaz qazib chiqarilishi bilan yaqindan tanishib chiqildi.
“Quyi Surgil” konidagi 11-sonli quduqda olib borilayotgan ishlar bilan tanishish jarayonida tushlik bo‘lib qolganligi sababli, ishchi-xodimlar Boshqaruv raisini tushlikka taklif qilishdi. Yaratilgan sharoitlarni yana-da yaqinroq o‘rganish maqsadida ularning taklifi qabul qilinib, “Ishchi guruh” aʼzolari bilan birgalikda ko‘chma oshxonada ovqatlanishdi.
Boshqaruv raisi bu jarayonda ham avvalo ishchi-xodimlarning ovqatlanish sharoitlarini o‘rganib, ularga berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va meʼyori hamda ularning saqlanishi bo‘yicha o‘rganish o‘tkazdi.

O‘z navbatida, “Quyi Surgil” konida sanoat miqyosida o‘zlashtirish ishlari jadal davom ettirilib, ushbu regiondagi boshqa bir qator konlarning ham qo‘shimcha, yangi istiqbollarini ochish belgilab olindi.
Boshqaruv raisi shu kunning o‘zida “Sursuar” konidagi 2-sonli quduq faoliyati va bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib chiqdi.
Ushbu konlar va quduqlarning “O‘zbekneftgaz” AJ bo‘yicha tabiiy gaz qazib chiqarishni taʼminlash borasida alohida ahamiyatga ega ekanligi qayd etilib, ulardagi burg‘ilash ishlarining har bir jarayonlarini oldindan puxta tayyorgarlik ko‘rgan holda, mukammal bajarish lozimligi va bu ishlarga barcha zarur resurslarni jalb etish zarurligi taʼkidlandi.

Tashrif davomida “2017–2021 yillarda uglevodorodlar qazib chiqarishni oshirish Dasturi” bo‘yicha Bosh Pudratchi hisoblangan “ERIELL Oilfield Services Middle East DMCC” kompaniyasining mutaxassislari bilan quduqlarni burg‘ilashni kommersiya tezligini oshirish bo‘yicha o‘zaro fikrlar almashildi.
Dastur doirasida Bosh pudratchi tomonidan burg‘ilanayotgan “Quyi Surgil–21”, “Sharqiy Berdaq-56NN” va “Sharqiy Berdaq-65NN” quduqlarini joriy yilning oktyabr oyida ishlab chiqarishga topshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
O‘rganish ishlari davomida, Ustyurt regionida joriy yil yakuniga qadar amalga oshiriladigan geologiya-qidiruv ishlarining barcha tadbirlarini tanqidiy jihatdan qayta ko‘rib chiqish, ularni maqsadli qayta rejalashtirish hamda ortiqcha sarf-xarajatlarni kamaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Geologiya-qidiruv ishlarina amalga oshirish doirasida Ustyurt regionidagi maydonlar va obyeklarning yangi istiqbollarini aniqlash, ularning hududidagi chuqur qatlamlarni o‘rganish, barcha maʼlumotlarni kompleks tahlil qilish bo‘yicha tahlillarni amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi.
Ustyurda bajarilayotgan ishlar o‘z samarasini bera boshladi va biz raqamlarga eʼtibor qaratadigan bo‘lsak, 2021 yilning yanvar-iyul oylari davomida boshqarmada 2,1 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib chiqarilishiga erishildi, reja ko‘rsatkichi ortig‘i bilan, yaʼni 105,8 foizga bajarildi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish surʼati 113,1 foizni tashkil etdi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil yakuniga qadar 68 ta geologo-texnik tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan (16 ta gaz quduqlarini burg‘ilishdan ishga tushirish, 50 ta gaz quduqlarida kapital taʼmirlash va intensifikatsiya ishlari olib borish va texnologiya yo‘nalishida 2 ta obyektlarni ishga tushirish). Belgilan vazifalarning bajarilishi 956,4 mln kub metr tabiiy gaz qazib chiqarishga zamin yaratadi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati







