Bugun Toshkent metropolitenida yana bir nosozlik ro‘y berdi
So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda metropoliten faoliyati bilan bog‘liq turli holatlar aks etgan videotasvirlar keng tarqalmoqda. To‘g‘ri, texnogen avariya va turli nosozliklarning transport sohasida uchrab turishi tabiiy hol. Lekin bunday holatlarning tez-tez sodir bo‘layotgani yo‘lovchilarni sarosimaga solayotgani sir emas.


Ijtimoiy tarmoqlarda metroda bugun ham ertalabki tirbandlik vaqtida "Xalqlar do‘stligi" bekatida eshiklar yopilmay qolgani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu holatga oydinlik kiritish maqsadida “Zamon.uz” sayti “Toshkent metropoliteni” UKning Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xodimi Ilhomjon Qosimov bilan bog‘landi.
Uning maʼlum qilishicha, voqea ertalab soat 08:37 da sodir bo‘lgan. 13-yo‘nalishdagi harakat tarkibining 2-vagoni 4 ta eshigi texnik nosozlik tufayli yopilmay qolgan. Harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida yo‘lovchilar tushirilgan. Yuzaga kelgan tirbandlikning oldini olish uchun ortdan kelayotgan 5- yo‘nalishdagi harakat tarkibi 1 daqiqa ichida yetib kelib yo‘lovchilarni olib ketgan.
"Bunday noqulaylik uchun yo‘lovchilardan uzr so‘raymiz" — deydi “Toshkent metropoliteni” UK o‘z xabarida.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval 20 sentyabr kuni soat 09:10 da Toshkent metrosining “G‘ofur G‘ulom” bekatidan “Chorsu” bekatiga harakatlanishi lozim bo‘lgan 41-yo‘nalishdagi harakat tarkibida havo taqsimlash tizimida texnik nosozlik yuzaga kelgani haqida xabar bergan edik.
Munojat Valiyeva







