Jamiyat

Davlat test markazi o‘qishini xorijdan ko‘chirmoqchi bo‘lgan talabalar va ularning ota-onalariga murojaat qildi

O‘qishni xorijiy davlatlardan O‘zbekistondagi davlat oliy taʼlim muassasalariga ko‘chirish bo‘yicha bu yilgi test sinovlari (kasbiy (ijodiy) imtihonlar esa OTMlar tomonidan) ilk bor Davlat test markazi tomonidan o‘tkazildi.

Davlat test markazi o‘qishini xorijdan ko‘chirmoqchi bo‘lgan talabalar va ularning ota-onalariga murojaat qildi

 

 

Unda test sinovlarida ishtirok etishi belgilangan 87 ming 486 nafar talabgordan 85 ming 261 nafari ishtirok etdi. Ajablanarlisi, minimal o‘tish bali ancha past belgilangan bo‘lsa-da, talabgorlarning 72 foizi uni bajara olmagan. Bu esa xorijga o‘qishga topshiruvchi ayrim abituriyentlarning bilim saviyasi va maqsadi qanday ekanligini ochiq-oydin ko‘rsatadi.

 

Maʼlumki, ko‘plab konsalting firmalar 1 yildan so‘ng O‘zbekistonga ko‘chirib berishni vaʼda qilgan holda qo‘shni davlatlardagi OTMlarga hech qanday imtihonlarsiz o‘qishga kiritib qo‘yishni taklif qilmoqda. Ammo bu vaʼdalar qanchalik ishonchli?

 

Davlat test markazi mazkur holatlarni hisobga olib xorijga o‘qishga topshirmoqchi bo‘lgan talabalar va ularning ota-onalariga murojaat qildi:

 

“Aslini olganda yoshlarimizning xorijdagi nufuzli OTMlarda tahsil olishi yaxshi. Lekin maqsad xorijda taʼlim olib, o‘z sohasi bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lish emas, balki qanday qilib bo‘lsa ham 1 yildan so‘ng o‘qishni O‘zbekistonga ko‘chirib olish bo‘ladigan bo‘lsa, bu endi yaxshi holat emas.

Hech qaysi firma talabalar o‘qishini xorijiy davlatlardan O‘zbekistondagi davlat oliy taʼlim muassasalariga ko‘chirishga oldindan kafolat bera olmaydi.

 

Prezident qaroriga ko‘ra, binoan barcha talabalar o‘qishni xorijdan O‘zbekistonga ko‘chirish uchun imtihon topshirishi va tizimida oliy taʼlim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar tomonidan belgilangan o‘tish balini to‘plashi lozim.

 

Shu sababli, Davlat test markazi asosiy maqsadi xorijda o‘qish emas, balki 1 yildan so‘ng o‘qishni O‘zbekistonga ko‘chirib olish bo‘lgan abituriyentlar va ularning ota-onalariga turli shaxslar va firmalarning 1 yildan so‘ng o‘qishni O‘zbekistonga ko‘chirib berish to‘g‘risidagi vaʼdalariga ishonmaslikni va o‘z bilimiga ishongan holda test sinovlariga puxta tayyorgarlik ko‘rishni tavsiya qiladi.”

 

Izoh: Quyida o‘qishni xorijdan ko‘chirish bo‘yicha statistik maʼlumotlar keltirilgan bo‘lib, test sinovida ishtirok etgan talabgorlarning 50 foizdan ortig‘i 56,7 ball (maksimal ballning 30 foizi) ham to‘play olmagan.

 

 

Olamgir Abdiyev

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"

Davlat test markazi o‘qishini xorijdan ko‘chirmoqchi bo‘lgan talabalar va ularning ota-onalariga murojaat qildi