Jamiyat

Sudyani haqorat qilgan shaxs jazolandi

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudi hal qiluv qaroridan norozi bo‘lib, sudyani sud zalida haqorat qilgan shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qildi.

Sudyani haqorat qilgan shaxs jazolandi

 

 

Maʼlumotlarga ko‘ra, sudlanuvchi Aziz Normatov Matluba Hasanova bilan 2013-yil iyun oyida turmush qurib, 2019 yil dekabr oyida oilaviy kelishmovchilik sababli ajrashgan. Ularning turmushidan ikki nafar farzandi bor.  Ajrimdan so‘ng bolalar ota qaramog‘ida bo‘lgan. Oradan sakkiz oy o‘tib, xotini farzandlarini qaytarib olish maqsadida fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudiga ariza bilan murojaat qiladi. Arizaga muvofiq  sud muhokamasi o‘tkazilib, bolalar Matluba Hasanovaga olib beriladi. Farzandlarini sog‘ingan ota ayolning roziligi bilan ularni yashash xonadoniga olib keladi. Oradan yetti kun o‘tgach  kichik farzandini onasiga berib, kattasini onasi oldiga borishni istamagani sababli o‘zi bilan olib qoladi. Shundan so‘ng Matluba Hasanova o‘g‘lini o‘z qaramog‘iga olib berishni so‘rab, yana sudga murojaat qiladi.

 

2021 yilning 19 aprel kuni o‘tkazilgan sudda qatnashish maqsadida kelgan Aziz Normatov sudyadan sud jarayonini videotasvirga olishni so‘ragan. Sudya bunga ruxsat bermasdan, farzandini onasi qaramog‘iga berish to‘g‘risida hal qiluv qarori qabul qiladi. Sudya qarorni o‘qib bo‘lganidan so‘ng o‘z noroziligini bildirib, tortishib ketgan va jahl ustida “kallasi ishlamaydigan sudya ekansan, sen ‘tupoy‘ni kim sudya qilib tayinlagan”,- deb sudyani kurakda turmaydigan, shaxsning shaʼni, qadr-qimmatini kamsituvchi so‘zlar bilan haqorat qiladi.

 

Ushbu ishni ko‘rib chiqqan shahar sudi sudyasi Ulug‘bek Sheraliyev javobgar Aziz Normatovni  Jinoyat kodeksining 140-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topgan. Unga nisbatan yashash joyini kechki soat 21:00 dan tonggi 6:00 ga qadar tark etishni bir yil muddatga taqiqlovchi, ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

 

Shuningdek, unga yana bir qator qo‘shimcha taqiqlar ham yuklangan.

 

 

                                                Cho‘lponoy Ahmedova

Sudyani haqorat qilgan shaxs jazolandi | Zamon.uz