Ichki ishlar xodimlariga elektroshokdan foydalanishga ruxsat berildi
So‘nggi vaqtlarda ommaviy axborot vositalarida ichki ishlar xodimining huquqbuzarlarni to‘xtatish, hujjatlarni tekshirish uchun taqdim etish, ichki ishlar organlariga borish kabi qonuniy talablarni uzrli sabablarsiz bajarmaslik holatlari ko‘p uchramoqda.


Shuningdek, transport vositasini to‘xtatish, jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish haqidagi qonuniy talablarni bajarmaslik, ayrim holatlarda esa, ularga nisbatan jismoniy kuch ishlatish, huquqbuzarlar tomonidan fuqarolarga tan jarohati yetkazish holatlari ham tez-tez kuzatilmoqda. Albatta, fuqarolarning buzilgan huquqlarini qisqa muddatda tiklash hamda jazoning muqarrarligini taʼminlash ichki ishlar xodimlarining birinchi galdagi vazifasi hisoblanadi.
Endilikda baʼzi vaziyatlarda huquqbuzarlar tomonidan ichki ishlar organlari xodimlari hamda jabrlangan fuqarolarning hayoti va sog‘ligiga real xavf tug‘ilgan taqdirda, huquqbuzarlarning harakatlariga zudlik bilan chek qo‘yish uchun maxsus vosita hisoblangan — elektroshok qurilmasidan foydalanish zarurati tug‘ilmoqda.
Shu bois, bugun, 24 sentyabrdan boshlab ichki ishlar xodimlariga elektroshokdan foydalanishga ruxsat berildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
“Elektroshok qurilmasidan foydalanishdan maqsad, ichki ishlar xodimlari yoki fuqarolarimizning hayoti va sog‘lig‘iga shikast yetkazilishining oldini olish, huquqbuzarlarning sog‘lig‘iga og‘ir va o‘ta og‘ir tan jarohati yetkazmagan holda, zudlik bilan huquqbuzarlik yoki jinoiy harakatlarni cheklashdan iborat”, — deyiladi xabarda.
Ichki ishlar vazirligining meʼyoriy hujjatlarida maxsus vositalar, xususan, elektroshok qurilmasini qo‘llash bo‘yicha aniq mezonlar ko‘rsatib o‘tilgan.
Ichki ishlar xodimi xizmat faoliyati davomida elektroshok qurilmasini qo‘llashdan avval maxsus tayyorgarlikdan, davriy tekshiruvdan o‘tkaziladi. Shundan so‘ng, xodimga tegishli sertifikat beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Abu-Saxiy” yaqinida “bita” ko‘tarib janjal qilgan “Cobalt” haydovchisiga tegishli chora ko‘rish ichki ishlar bo‘limiga topshirilgani hamda profilaktika inspektorining egnidagi xizmat kiyimini yirtgan fuqaroga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev







