Surxondaryoda mast haydovchi ikki nafar YPX inspektorini sudrab ketdi
Surxondaryoda mast holda avtomobil boshqarib, YPX inspektorlaridan qochishga uringan “Lacetti” haydovchiga chora ko‘rildi, — deya xabar bermoqda viloyat IIB YHXB axborot xizmati.


Maʼlum bo‘lishicha, 19-sentabr kuni soat 21:25 larda Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani "Surxon sohili" mahallasida xizmat olib borayotgan viloyat IIB YHXB YPXO 4-safarbar guruh inspektorlari “Lacetti” haydovchisining holatini aniqlash maqsadida to‘xtatgan.
Taʼkidlanishicha, haydovchi inspektorlarning qonuniy talabini bajarmay, qochib ketishga harakat qilgan. Oldindan ko‘rilgan xavfsizlik choralari sababli haydovchi avtomashina rulidan tushirib olingan. Fuqaro Qumqo‘rg‘on tumani Tibbiyot birlashmasiga olib borilib, mastligi yoki mast emasligini aniqlash maqsadida tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilgan.

Tibbiy tekshiruv xulosasiga ko‘ra, 1977-yilda tug‘ilgan haydovchining mastligi tasdiqlangan. Haydovchiga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 131-moddasi bilan bayonnoma rasmiylashtirilib, transport vositasi vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilgan.
Qayd etilishicha, hozirda haydovchining sodir etgan huquqbuzarligiga oid materiallar jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudiga yuborilgan.
Avvalroq Toshkentda “Lacetti” haydovchisi YPX xodimiga bo‘ysunmay qochib ketgani, Qashqadaryoda YPX xodimlari tomonidan kaltaklangan fuqarolar qamoqqa olingani hamda Samarqand shahrida “Ford” yuk mashinasi YPX xodimining “Equinox” xizmat mashinasiga borib urilgani haqida xabar berilgandi.







