“Lasetti”dan pul o‘g‘irlagan shaxs topildi
Jizzax shahar IIBga Zomin tumani “Beruniy” mahalla fuqarolik yig‘inida istiqomat qiluvchi tadbirkor U.A. ariza bilan murojaat qilgan.

Arizada keltirilishicha U.A. tungi soat 20:30 da “Madaniyat” mahalla fuqarolik yig‘inida joylashgan kafe oldiga “Lasetti” rusumli avtoulovini qo‘yib, ovqat olish uchun kafega kirgan. Bu vaqt oralig‘ida avtoulov yuk xonasida bo‘lgan jami 8 yarim million so‘m pul nomaʼlum shaxs tomonidan o‘g‘irlab ketilgan.
Olib borilgan tezkor tadbir davomida ushbu jinoyatni Forish tumani “Bog‘dor” mahalla fuqarolik yig‘inida istiqomat qiluvchi B.A. sodir etgani aniqlandi. Gumonlanuvchidan 7 million so‘m pul daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirildi.
Eslatib o‘tamiz, avval Toshkentda yarim tunda “Spark” eshigini buzib, pul o‘g‘irlagan ikki o‘smir ushlangani haqida xabar berilgandi.
Munojat Valiyeva







