Ohangaronda tahririyat binosi buziladigan bo‘ldi
Bir necha kun avval ijtimoiy tarmoqlarda "Ohangaron hayoti" gazetasi binosi buzib tashlanayotgani haqida xabar tarqalgandi. Mazkur xabar bo‘yicha Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati quyidagilarni maʼlum qildi.


Unda aytilishicha, Ohangaron shahar “Namuna” MFY hududidagi bugungi kunda yaroqsiz holga kelib qolgan "Ohangaron hayoti" gazetasi binosi qonuniy tartibda buzilmoqda. Bu borada shahar hokimi qarori qabul qilingan va tomonlar, yaʼni provaslav cherkovi va tahririyat o‘rtasida bino-inshootni “topshirish-qabul qilish” dalolatnomasi imzolangan.
“Mazkur binodagi gazeta arxivi saqlanayotgan xonaga esa hali zarar yetkazilmagan. U yerdagi mulkni olib chiqib ketish bo‘yicha tahririyat vakillari bir necha bor ogohlantirilgan. Qolaversa, ikki oy avval shahar hokimligi kanalida binoning buzilishi haqida bildirish eʼlon qilingan.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda shuni maʼlum qilamizki, "Ohangaron hayoti" gazetasiga tegishli bo‘lgan binoning buzilishida hech qanday g‘ayriqonuniy harakatlarga yo‘l qo‘ilmagan. Holat bo‘yicha batafsil maʼlumot beriladi”, — deyiladi xabarda.
Maʼlum bo‘lishicha, "Ohangaron hayoti" gazetasi uchun shahar hokimligi balansida bo‘lgan boshqa bir bino qayta taʼmirlab berish sharti bilan ajratilgan. Mazkur bino tahririyat tomonidan qabul qilib olingan.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval noqonuniy yerdan foydalanib, imorat tiklagan fuqaroga chora ko‘rilgani hamda mahalliy hokimliklar bino va inshootlarning buzilishi bo‘yicha 349 nafar tadbirkordan 123 milliard so‘m qarzdor ekani haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev







