Olmazor tumanida do‘kon devorini teshib kirgan “kalamush”lar ushlandi
1970-yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan Rustam ismli shaxs muqaddam Jinoyat kodeksining bir nechta moddasi bilan sudlanib, jazo olganiga qaramay, yana jinoyatga qo‘l urdi.

Bu haqda Toshkent shahar IIB axborot xizmati maʼlum qildi.
U o‘zining hamtovoqlari Bahodir va Shodiyor bilan birga Olmazor tumani “Chaqishmon” va "Beruniy" ko‘chalari kesishmasida joylashgan tamaki mahsulotlari do‘koniga kirib, o‘g‘irlik sodir etgan.
Voqea joyiga yetib borgan tezkor tergov guruhining aniqlashicha, jinoyatga qo‘l urgan shaxslar do‘konning devor qismini temir asboblar yordamida teshib, 46 million so‘mdan ortiq tamaki mahsulotlarini o‘g‘irlab ketgan.
Ushbu shaxslar Samarqand viloyatida qo‘lga olinib, Olmazor tumani IIB tergov bo‘limiga topshirildi.
Mazkur holat yuzasidan ularga nisbatanJinoyat kodeksining 169-modda 2-qismi “b”, ”v”, “g” bandlari hamda 169-modda 3-qismi “a” bandi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Avvalroq Toshkentda uch nafar nomaʼlum shaxs dorixona sotuvchisiga pichoq bilan tahdid qilib, 15 million so‘mni o‘marib ketgani hamda Yunusobod tumanidagi do‘konlarning birida niqoblangan ikki nafar shaxs qo‘lida pichoq bilan bostirib kirib, savdodan tushgan pullarni olib ketishgani haqida xabar berilgandi.
Munojat Valiyeva







