Toshkent xalqaro kinofestivalida kimlar ishtirok etishi ochiqlandi
Bugun “Ipak yo‘li durdonasi” XIII халқаро Toshkent kinofestivali oldida Kinematografiya agentligida matbuot anjumani bo'lib o'tdi. Unda festivalda ishtirok etadigan davlatlar, bo‘lib o‘tadigan tadbirlar, taniqli yulduzlar, jahon kinosi kunlari dasturi haqida batafsil maʼlumot berildi.


Dastlab tadbirga tashrif buyurgan faxriy mehmonlarning tabrik so‘zlari tinglandi. Anjuman davomida 14 ta davlatda suratga olingan eng sara kinofilmlarning qisqacha videoroligi namoyish etildi.
Shu bilan birga, kinofestivalga tashrif buyuradigan kinojodkorlar anjuman qatnashchilariga tanishtirildi. Jumladan, Lyuk Besson, Stiven Sigal, Franko Nero, Jerar Depardye, Nikita Mixalkov, Mitxun Chakraborti hamda Igor Jijikin, Turkiya kinoaktyorlari — O‘zjan Deniz, Serdar O‘rtach, Sefa Zingin, Oktay Kaynarsa, Nazal Kesal, Melisa Pamuk, Feliz Ahmet, Erkan Kolsak, Saner Sindoruk kabilarning tashrifi kutilmoqda. Qolaversa, kinofestival doirasida tadbir ishtirokchilari nafaqat Toshkentga, balki bir qator boshqa viloyatlarga ijodiy safarlari ham rejalashtirilgan. Shuningdek, 1-oktabrda Gerasimov nomidagi Butunrossiya Kinematografiya institutining Toshkent filiali ochilish marosimi bo‘lib o‘tishi haqida eʼlon qilindi.
Ma'lumot o'rnida: Toshkent xalqaro kinofestivalining ochilish marosimi 28-sentabr kuni yangi tashkil topgan Kinochilar uyida bo‘lib o‘tadi.
Avvalroq, Toshkent xalqaro kinofestivalida mashhur rejissyor ishtirok etishi kutilayotgani, kinofestival mehmonlarni kutayotgani xabar qilingandi. Shuningdek, hind kino yulduzlari Toshkent xalqaro festivalida qatnashishi haqida aytilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







