Jamiyat

Odamfurushlarga jazo hukmi o‘qildi

Buxoro shahar sudida odam savdosi jinoyatini sodir etgan shaxslarning ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda “O‘zA” saytida xabar berildi.

Odamfurushlarga jazo hukmi o‘qildi

 

 

Unda aytilishicha, sudlanuvchi J.Sh. sheriklari – onasi J.M. va fuqaro A.M. bilan o‘zaro jinoiy til biriktirgan holda 2019-yilning sentabr oyida X.N.ni xorijiy davlatdagi go‘zallik saloniga ishga joylashtirib qo‘yish, u yerda yaxshi daromad topishi mumkinligi to‘g‘risida ishontiradi. Ular aslida X.N.dan shahvoniy maqsadlarda foydalanishni rejalashtirgan. Jinoyi sheriklar jabrlanuvchini belgilangan manzilga yetib borishi uchun o‘z hisobidan aviachipta va sayyohlik vizasi tayyorlab beradi.

 

2020-yilning 4-fevral kuni “Toshkent — Sharja” yo‘nalishidagi aviareys orqali xorijga uchib ketgan fuqaroni ko‘p qavatli uylarning biriga joylashtirib, uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat (fuqarolik pasporti)ni olib qo‘yishadi. Qarshilik qilgan X.N. ni qo‘rqitishadi,  begona erkaklar bilan jinsiy aloqa qilish, fohishalik bilan shug‘ullanishga majburlashadi. Shu kundan boshlab, yaʼni 2020-yilning 4-fevralidan to 24-mayiga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida jabrlanuvchidan shahvoniy maqsadlarda foydalanib, noqonuniy daromad to‘plab, odam savdosi jinoyatini sodir etadi.

 

Mazkur jinoyat ishi sudda har tomonlama, xolisona ko‘rib chiqilib, Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudining hukmi bilan sudlanuvchilarga qonunda belgilangan jazo choralari qo‘llanildi.

 

Avvalroq uch kishini Turkiyaga jo‘natayotgan ayol Toshkent aeroportida ushlangani hamda Samarqandda odam savdosi jinoyatining oldi olingani haqida xabar berilgandi.

 

Olamgir Abdiyev

Odamfurushlarga jazo hukmi o‘qildi | Zamon.uz