Jamiyat

Prezidentlikka nomzod Maqsuda Vorisova: “Ijtimoiy himoya qilish tizimi barcha muhtoj fuqarolarni to‘liq qamrab olishi zarur”

Nomzod navoiylik saylovchilar bilan uchrashuvida qatʼiy pozitsiyasi – davlatdan nafaqa oluvchilar va pensionerlarga to‘lanadigan mablag‘lar ularning hayotiy ehtiyojlarini to‘liq qoplashi, nogironligi bo‘lgan shaxslarning talab va ehtiyojlari, qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash, ular uchun teng sharoitlar yaratish ekanligini taʼkidladi.

Prezidentlikka nomzod Maqsuda Vorisova: “Ijtimoiy himoya qilish tizimi barcha muhtoj fuqarolarni to‘liq qamrab olishi zarur”

 

 

– Bugungi kunda Navoiy viloyatida davlatdan nafaqa oluvchilar va pensionerlar 131 ming 102 nafarni tashkil etadi, – dedi M.Vorisova. – Pensiya miqdorini tayinlash tartibi, uni hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal chegarasi, yaʼni pensiyani hisoblash bazaviy miqdori chegarasini oshirish masalalarini bugungi kun talablaridan kelib chiqib, qayta ko‘rish lozim, deb hisoblayman.

 

Mamlakatimizda bosqichma-bosqich jamg‘arib boriladigan mexanizmlarni joriy etish, asossiz imtiyozlar, qo‘shimchalar va ustamalar berish amaliyotidan voz kechish kerak.

 

Ijtimoiy himoya qilish tizimi barcha muhtoj fuqarolarni to‘liq qamrab olishi zarur. Yana bir muhim masala nogironligi bo‘lgan shaxslarning talab va ehtiyojlari, qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash, ular uchun teng sharoitlar yaratishdir.

 

Navoiy viloyatida 30 ming 250 nafardan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslar istiqomat qiladi. Shundan 3500 nafari birinchi guruh, 24 ming 493 nafari esa ikkinchi guruh va 2256 nafarini uchinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar.

 

Bu boradagi tizimni tubdan yaxshilash zarur. Buning uchun nogironligi bo‘lgan shaxslarning talab va ehtiyojlari, qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash maqsadida birinchi maqsadda milliy qonunchiligimizni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nogironlar huquqlari bo‘yicha konvensiyaning tamoyillari va meʼyorlariga muvofiqlashtirish, "To‘siqsiz hayot" davlat dasturini ishlab chiqish va qabul qilish, "Nogiron shaxslar bandligiga ko‘maklashish" Davlat dasturini qabul qilish va “Nogironlarni taʼlim olish kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilish zarur.

 

Prezidentlikka nomzod M.Vorisovaning saylovchilar bilan uchrashuvi davom etmoqda.

 

Avvalroq  O‘zbekiston XDPdan Prezidentlikka nomzod Maqsuda Vorisova "Milliy tiklanish" Demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov to‘g‘risida fikrlarini bildirgandi.

 

  Shuningdek, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining navbatdan tashqari plenumida 2021 yilgi prezidentlik saylovida Maqsuda Vorisovani nomzod sifatida ko‘rsatish masalasi muhokama qilingani, Maqsuda Vorisova XDP partiyasidan nomzodlikka tasdiqlangani hamda Davlat test markazi faoliyatini butunlay qaytadan ko‘rib chiqish kerakligi haqida xabar berilgandi.

Prezidentlikka nomzod Maqsuda Vorisova: “Ijtimoiy himoya qilish tizimi barcha muhtoj fuqarolarni to‘liq qamrab olishi zarur” | Zamon.uz