Toshkent viloyatida yashamagan uyga qarz hisoblangani rostmi?
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida asossiz qarzdorlik eng dolzarb muammolardan biridir.


Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligining Toshkent viloyati hududiy tuzilmasi tomonidan Zangiota tumani, “Xonobod” mahallasida istiqomat qiluvchi isteʼmolchiga “Toshkent suv taʼminoti” MCHJ Zangiota tuman filiali asossiz ravishda hisoblangan 4 million so‘m qarzdorlik bo‘yicha noroziligi bildirilgan murojaati ko‘rib chiqildi.
Isteʼmolchining so‘zlariga ko‘ra, mazkur xonadonda, bir yildan ortiq vaqt davomida, hech kim istiqomat qilmagan, qarzdorlik asossiz. Qarzdorlik qanday yuzaga kelganligi haqidagi savolga “Toshkent suv taʼminoti” MCHJ Zangiota tuman filiali xodimlari – “qarzdorlik tizim dasturiga kiritilgan maʼlumotlarga asoslangan”, deya javob berishadi.
Qayd etilishicha, agentlik xodimlari taʼminotchi korxonaga ushbu masalani o‘rganish uchun xat yuborishgan. O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida fuqaroning haqiqatda 1 million so‘m qarzdorligi tizim dasturiga noto‘g‘ri maʼlumot kiritilishi oqibatida 3 million so‘m asossiz qarzdorlik kelib chiqqani maʼlum bo‘ldi.
Maʼlum qilinishicha, qisqa fursatda isteʼmolchining muammosi hal qilindi: noreal qarzdorlik taʼminotchi korxonaning elektron bazasidan olib tashlandi. Isteʼmolchi esa o‘zi foydalangan ichimlik suvi uchun qarzini to‘ladi.
Maʼlumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasiga asosan, Sotuvchi (ijrochi) isteʼmolchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.
Avvalroq Maʼmuriy qamoq jazosidan so‘ng qarzdor ota aliment to‘lagani hamda davlatimiz rahbari gaz bo‘yicha odamlarning noroziligi hamda strategik tashkilotlarga gaz uchun oshirilgan koeffitsiyent bekor qilingani haqida xabar berilgandi.







