YTH ga sababchi bo‘lgan “Spark” haydovchisi qidirilmoqda
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda "Spark” haydovchisining shoshqaloqligi sababli “Cobalt” haydovchisi piyodani urib yuborgani aks etgan videolavha tarqaldi.

Mazkur holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi maʼlumot berdi.
Xabarda аytilishicha, shu yilning 3 oktyabr kuni soat 11:00 da Toshkent shahar Bektemir tumani TXAY ko‘chasida haydovchi, 1972 yilda tug‘ilgan K.K. “Cobalt” rusumli avtomobilida qayrilib olish joyida yo‘liga chiqib ketgan “Spark”ka urilib ketmaslik uchun rulni o‘ng tomonga burgan va yo‘l chetida turgan piyoda, 1987 yilda tug‘ilgan P.B.ni urib yuborgan.
Buning oqibatida piyoda P.B. tan jarohati olib, shifoxonaga murojaat qilgan.
Mazkur YTH yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari ayni paytda ushbu holatga aloqador bo‘lgan “Spark” rusumli avtomobil haydovchisini aniqlash chorasini ko‘rmoqda.
Bundan avval "Lada 11184" haydovchisi velosipeddagi fuqaroni urib yuborgani hamda Toshkent viloyatida yuk tashuvchi avtomobillar ishtirokida YTH sodir bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Munojat Valiyeva







