Mahallalarda “hokim yordamchisi” lavozimi joriy etiladi
Barcha mahallalarda tajriba tariqasida “hokim yordamchisi” lavozimi joriy etilmoqda. Bu haqida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi xabar berdi.

Unda aytilishicha, mazkur lavozimga oliy maʼlumotli, iqtisodiyot sohasida kamida 2 yil mehnat stajiga ega, mahalladagi mavjud imkoniyat va muammolardan yaxshi xabardor bo‘lgan fuqarolar tayinlanadi. Ulardan tadbirkorlikni rivojlantirish, fuqarolarning biznes loyiha va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash tajribasiga ega bo‘lish talab etiladi.
“Hokim yordamchisi” bevosita mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, hududning “o‘sish nuqtalari”dan kelib chiqqan holda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish choralarini ko‘rishda bosh-qosh bo‘ladi. Bundan tashqari, ishsiz aholini kasb-hunarga o‘qitish, ishlash istagidagi ishsiz fuqarolar bandligini taʼminlash hamda aholining o‘zini o‘zi band qilishiga ko‘maklashish kabi tadbirlarni tashkil etish ham uning zimmasiga yuklatiladi.
Shuningdek, “Hokim yordamchisi” tadbirkorlik qilish istagidagi fuqarolar, jumladan, ayollar va yoshlarga kredit hamda subsidiyalar ajratilishiga doir dasturlar ijrosini nazorat qilib boradi. Tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, hududiy va investitsiya tizimiga takliflar ishlab chiqish choralarini ko‘rish ham mazkur yangi lavozim vakolatiga kiritildi.
Bundan avval har bir “og‘ir” mahallaga 2 milliard so‘mdan ajratilishi, Respublika bo‘yicha sharoiti og‘ir mahallalarga mablag‘ ajratilshi hamda aholining ayrim toifalariga 500 ming so‘mdan yordam berilgani haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev







