Urgutda fuqaro "opiy" va "geroin" bilan qo‘lga olindi
Samarqand viloyat IIB JQB xodimlari Urgut tumanida shubha uyg‘otgan “Cobalt” rusumli avtomashina to‘xtatib, tuman IIB binosiga olib keldi.

Xolislar ishtirokida haydovchi B.M. shaxsiy tintuv qilingan vaqtida egnidagi sport kiyimi o‘ng cho‘ntagidan 3 dona sellofan paketga solingan oq rangli, o‘tkir hidli, “geroin” giyohvandlik moddasi, chap cho‘ntagidan 10 dona sellofan paketlarga alohida-alohida qilib qadoqlangan qora rangli “opiy” giyohvandlik moddasi va 1 dona elektron tarozi topildi. Aniqlangan giyohvand moddalar hujjatlashtirildi. Tekshirish jarayonida fuqaro B.M.dan daliliy ashyo sifatida olingan 3 dona sellofan bo‘laklaridagi “geroin” giyohvandlik moddasi og‘irligi 2,96 grammga tengligi, 10 dona sellofan bo‘laklariga qadoqlangan “opiy” moddasi og‘irligi esa 8,69 gramm ekani aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan Urgut tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Bundan avval Denovda tez yordam haydovchisi katta miqdordagi giyohvand moddalar bilan qo‘lga tushgani hamda Chirchiqda yarim tunda kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini olib yurgan shaxslar ushlangani haqida xabar berilgan edi.







