Qamchiq dovonida ikki odam hayoti saqlab qolindi
FVV xabariga ko'ra, joriy yilning 12-oktabr kuni soat 18:30 da Qamchiq dovonining 240 km.da “Toshkent — Vodiy” yo‘nalishida harakatlangan “Spark” rusumli avtomobil haydovchisi boshqaruvni yo‘qotishi natijasida yo‘l tagidan suv o‘tkazuvchi inshootga tushib ketgan.

Zudlik bilan voqea joyiga Qamchiq maxsus qidiruv, yong‘in-qutqaruv boshqarmasi qutqaruvchilari, yo‘l-patrul xizmati va tez tibbiy yordam xodimlari yetib kelgan.
Qutqaruvchilar tomonidan maxsus asbob-anjomlar yordamida avtomashinada bo‘lgan haydovchi va bir nafar yo‘lovchi chiqarib olingan. Jabrlanganlar tez tibbiy yordam xodimlariga topshirilgan.
Shundan so‘ng maxsus avtokran yordamida suv o‘tkazuvchi inshootdan avtomashina chiqarib olingan.
Tibbiy yordamdan so‘ng ikkala fuqaroga ham uyiga ketishga ruxsat berilgan.
"Favqulodda vaziyatlar vazirligi haydovchilardan dovon orqali harakatlanganda barcha xavfsizlik choralarini ko‘rishlarini so‘rab qoladi", – deyiladi xabarda.
Bundan avval Qamchiq dovonida “Cobalt” ag‘darilib ketgani, shuningdek, yana 4 ta mashina ishtirokida YTH sodir bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev







