Mavsum boshlanishi bilan baliq narxi oshdi
Mahalliy aholi orasida baliqni faqatgina “r” harfi bilan yakunlanadigan oylardagina isteʼmol qilish mumkin degan “gap yuradi”. Bu bejiz emas, albatta. May-avgust oylarida baliqlarda ko‘payish jarayoni kechadi. Qolaversa, ob-havo issiqligi bois ular tez ayniydi. Shuning uchun ham, aynan, sentabr baliq mavsumining boshlanishi hisoblanadi.

Davlat statistika qo‘mitasining isteʼmol narxlari kuzatuvi maʼlumotlariga ko‘ra, sentyabr oyida baliq va boshqa dengiz mahsulotlari narxlari avgust oyiga nisbatan o‘rtacha 1,3 % ga qimmatlashgan. Yil boshidan buyon baliq va boshqa dengiz mahsulotlari narxlari o‘rtacha 7,6 % ga oshgan.
Maʼlumot o‘rnida: tibbiy meʼyorlarga ko‘ra, bir kishi yil davomida o‘rtacha 14 kilogramm baliq va baliq mahsulotlari isteʼmol qilishi tavsiya etiladi. Chunki bu neʼmat tarkibida inson salomatligi uchun zarur ko‘plab foydali moddalar mavjud bo‘lib, uning o‘rnini qoplashning muqobili yo‘q. Shuning uchun ham baliqqa ehtiyoj har doim yuqori bo‘lgan.







