1 noyabrdan MFY xodimlari maoshi 35 foizga oshiriladi
Bugun, 18-oktabr kuni davlatimiz rahbari "Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, 2021-yil 1-noyabrdan boshlab hududida xonadonlar soni mingta va undan ortiq bo‘lgan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining oylik lavozim maoshlari 35 foizga oshiriladi.
Qayd etilishicha, MFY xodimlarini rag‘batlantirish, ularga buxgalteriya xizmatini ko‘rsatish vazifasi tuman (shahar) hokimliklaridan — tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlariga o‘tkaziladi.
Shuningdek, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi.
Moliya vazirligi 2021-yilda barcha MFYlarga zarur kanselyariya tovarlari xaridi uchun 9,2 milliard so‘m mablag‘ ajratadi.
Maʼlumot uchun: Jahongir Ortiqxo‘jayev namunali deb topilgan Toshkentdagi 50 ta mahalla raislariga “Spark” avtomobili sovg‘a qilinishini aytgan edi.
Avvalroq davlat rahbarining ko‘krak nishoni va shtandarti joriy qilinishi haqida xabar berilgandi.







