Jamiyat

Mahalla —  ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning faol ishtirokchisi

Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida tashkil etilgan Xalqaro Media- xollda "Mahalla tizimi hamda nodavlat-notijorat  tashkilotlarining jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi faol ishtiroki" mavzusida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Mahalla —  ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning faol ishtirokchisi

 

Mazkur uchrashuvda mahalla tarixi va uning rivojlanish bosqichlari, so‘nggi yillarda sohada olib borilayotgan  muhim islohotlar, shuningdek, mahalla tizimining mamlaktimizdagi siyosiy jarayonlardagi faol ishtiroki, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, oila institutini rivojlantirish hamda jamiyatdagi boshqa jarayonlardagi o‘rni xususida maʼlumot berib o‘tildi.

 

Uchrashuv davomida fuqarolar yig‘inlarining yaqinlashib kelayotgan muhim siyosiy jarayon — Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish borasida  mahalla tizimi xodimlarining vazifalari xususida ham so‘z bordi.

 

Saylov jarayonida mahalla xodimlarining ishtiroki, eng avvalo, aholining ijtimoiy-siyosiy faolligi va elektorat madaniyatini oshirish, saylovlarning ochiq va shaffof o‘tkazilishini taʼminlash hamda jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda dolzarb ahamiyat kasb etadi.

 

Taʼkidlab o‘tilganidek, mahalla — vakillik demokratiyasining saylovlar natijasida shakllanadigan jamoatchilik instituti hisoblanadi. Shu bois, mahallaning davlat organlari bilan ham, saylov organlari bilan ham munosabatlari teng huquqlilik asosidagi ijtimoiy hamkorlik tamoyillariga asoslanadi.

 

O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksida belgilanganidek, mahalla raislari va xodimlari uchastka saylov komissiyalarini shakllantirishda ishtirok etadi. Jumladan, uchastka saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlar to‘g‘risidagi takliflarni xalq deputatlari tuman, shahar kengashlari majlislarida muhokama qilish va tegishli okrug saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etadi.

 

Saylov komissiyalarining samarali faoliyat olib borishi uchun zarur sharoitlarni yaratadi, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish uchun kerakli bo‘lgan mahalla binolari va jihozlarini saylov komissiyalari ixtiyoriga bepul berib turadi. Saylov komissiyalariga o‘z vakolatlarini amalga oshirishida ko‘maklashadi, ularning ishi uchun zarur maʼlumotlarni taqdim etadi.

 

Saylov kompaniyasining ochiq va oshkora o‘tishi, saylov komissiyalari faoliyatining shaffofligini taʼminlash maqsadida saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etadi.

 

Saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish, jumladan, uchastka saylov komissiyalariga mahalla binolarini ajratish, zarur jihozlar bilan taʼminlash, mahalladan kuzatuvchilarni shakllantirish, ularning faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, aholining huquqiy madaniyatini oshirishga doir amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot beradi.

 

 

Munojat Valiyeva