“Renessans TV” telekanali taqdimoti o‘tkazildi
Mamlakatimiz tarixidagi muhim siyosiy voqea – 2021-yil 24-oktabrda o‘tkaziladigan O‘zbekiston Prezidenti saylovini keng yoritishga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi (O‘zEOAVMA) tashabbusi bilan tashkil qilingan “Xalqaro media-xoll”da “Renessans TV” telekanali ijodiy-tashkiliy yo‘nalishlarining jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Maʼlumki, O‘zEOAVMA ellikka yaqin nodavlat markaziy va hududiy teleradiokanallarni o‘zi ichiga oladi. “Renessans TV” teletarmog‘i mamlakatimizning turli hududlarida faoliyat ko‘rsatayotgan 14 ta nodavlat telekanalni o‘zida birlashtiradi. “Renessans TV” orqali ushbu telekanallar tomonidan uzatilgan, hududlarda yuz berayotgan voqea-hodisalar haqidagi xabar va yangiliklar, tahliliy materiallar respublika bo‘ylab tarqatiladi. Shuningdek, “Renessans TV”ning markaziy tahririyati suratga olgan media-mahsulotlar, siyosiy-ijtimoiy dasturlar, film va ko‘rsatuvlar hududiy telekanallar efiri orqali ham tarqatilishi mumkin.
— Ayni paytga qadar “Renessans TV”ni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, tegishli chastotalarga ulanish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar hal etildi, — deydi O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi rahbari Jaloliddin Safoyev. — O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligiga qarashli foydalanilmay turgan bino Agentlik rahbariyati bilan kelishilgan holda qayta taʼmirlandi. Zarur jihozlar, texnika vositalari keltirildi. Telekanalning ijodiy va texnik jamoasi shakllantirilmoqda. 2021-yilning 1-sentabridan “Renessans TV” telekanali test rejimida ish boshladi. Hozirgi kunda telekanal orqali muhim yangiliklar, saylov xabarlari, o‘zbek kinoijodkorlari tomonidan yaratilgan filmlar, konsert dasturlari, ijtimoiy roliklar muntazam berib borilmoqda. Tez orada telekanal to‘liq formatda ish boshlaydi. Unda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning samaralari, xalqimizning turmush tarzi, yurtimizda va xorijda yuz berayotgan hodisalar tezkor va xolisona tarzda yoritib boriladi.
Telekanal ijodiy jamoasi taqdim etayotgan dasturlar “Yuksalish” umummilliy harakati, “Taraqqiyot strategiyasi markazi”, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va boshqa bir qator nodavlat tashkilotlar rahbarlari va vakillari, shuningdek, taniqli jurnalistlar, yozuvchilar, olimlar, soha ekspertlari ishtirokida muhokama qilindi. Muhokamalar jarayonida yangi telekanalni jamoatchilik minbariga aylantirish taklifi ilgari surildi.
“Xalqaro media-xoll”da o‘tkazilgan taqdimot marosimida O‘zEOAVMA boshqaruvi aʼzolari, mutasaddi idoralar vakillari, taniqli madaniyat va sanʼat arboblari, mahalliy va xorijiy jurnalistlar, ijodkor yoshlar ishtirok etdi. Telekanal xodimlari “Renessans TV”ning ijodiy va texnik imkoniyatlari xususida atroflicha maʼlumot berdi.
Eslatib o'tamiz “Renessans TV” shu yilning 1-sentabridan test rejimida ish boshlagan edi.
Munojat Valieva







