"Xorijda bo'lishimizga qaramay, doim yurtimiz siyosiy-iqtisodiy hayotida doim faolmiz"
O‘zbekiston Prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayonlarining navbatdagi kuni O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi 17-Seul saylov uchastkasiga qarashli Seul shahridagi Sejong universitetida davom etdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda.

Maʼlum qilinishicha, ushbu oliy bilim yurtida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar erta tongdan konstitutsion huquqidan foydalangan holda o‘zlari munosib deb topgan nomzodlarga ovoz berish maqsadida Sejong universitetida tashkil etilgan O‘zbekiston Prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayonida faol ishtirok etdi.
Yaratilgan imkoniyatlardan ruhlangan talaba yoshlar va mazkur oliy taʼlim maskanida faoliyat olib borayotgan universitet doktoranti, yurtdoshimiz Otabek Jo‘rayev fikr-mulohazalari bilan bo‘lishdi.
– Xorijda bo‘lishimizga qaramay biz doim yurtimiz siyosiy-iqtisodiy hayotida ro‘y berayotgan jarayonlarni diqqat bilan kuzatib boramiz. Bugun O‘zbekiston Prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayoni bizning universitetimiz hududida tashkil etildi. Bu esa, o‘z navbatida, bizning talabalarga o‘quv jarayonlaridan ajralmagan holda o‘zlari munosib deb topgan nomzodga ovoz berish uchun keng imkoniyat yaratdi. Ushbu universitetda yurtimizdan kelgan 300 nafarga yaqin talaba tahsil oladi.
O‘zbekiston Prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayoni respublikamizning Janubiy Koreyadagi 17-Seul saylov uchastkasiga qarashli ko‘chma nuqtalarda davom etmoqda, — deyiladi xabarda.
Maʼlumot uchun, O‘zbekiston Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun saylov uchastkasiga kelish imkoniyati bo‘lmagan yurtdoshlarimiz 14-20 oktyabr kunlari muddatidan oldin ovoz bermoqda.
Avvalroq Buyuk Britaniya, Malayziya, Pokiston va Niderlandiyada muddatidan oldin ovoz berish jarayoni boshlangani, O‘zbekistondagi eng baland nuqtada joylashgan saylov uchastkasi hamda Turkiyada yashayotgan o‘zbekistonliklar uchun saylov uchastkasi tashkil etilgani xabar qilingandi.







